O‘zbekiston | 10:58 / 29.07.2022
9511
4 daqiqa o‘qiladi

Senat yo‘l xo‘jaligi sohasidagi talon-torojliklar haqida ma’lumot berdi

Qonunchilik palatasi va Senat mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitalari qo‘shma majlisida Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasi rahbarining sohani rivojlantirish uchun ajratilgan mablag‘lar sarflanishi holati to‘g‘risidagi axboroti muhokama qilindi.

Foto: Senat.uz

Moliya vazirligi, Bosh prokuratura va Hisob palatasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar tahliliga, mamlakatda yo‘l xo‘jaligi sohasiga ajratilgan mablag‘larni sarflashda qator muammo va kamchiliklar mavjudligiga alohida e’tibor qaratildi.

Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining 2021-2022 yillarda yo‘l xo‘jaligi loyihalarida amalga oshirilgan qurish-ta’mirlash ishlarini o‘rganishlari ko‘rsatganidek, 45 ta holatda 34 mlrd 575 mln so‘mlik mablag‘lar samarasiz va noqonuniy sarflangan. Shundan 2022 yil ikkinchi chorak yakuni bo‘yicha jami 23 mlrd 177 mln so‘mlik qurilish-montaj ishlari qonunga zid ravishda sarflangan.

Bosh prokuratura tomonidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yil va joriy yil birinchi yarmida prokuratura organlari hududiy jamg‘armalarda jami 20 ta tekshirish o‘tkazib, nazorat tadbirlarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 6 ta taqdimnoma kiritilgan, 12 nafar mansabdor shaxsga ogohlantirish e’lon qilingan, 11 nafar shaxs intizomiy va 21 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, qo‘pol qonunbuzilish holatlari yuzasidan 12 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Namangan viloyati Pop tumanidagi 4R-125 “G‘urumsaroy - Xonobod - Chodak - Guliston” avtomobil yo‘li 10–37 km qismida loyiha qiymati 3 mlrd so‘mlik kapital ta’mirlash ishlarini bajarishda “Namangan ko‘priklardan foydalanish” UK mansabdor shaxslari tomonidan haqiqatda bajarilmagan 2,5 mlrd so‘mlik ish hajmini hisobotlarga qo‘shib yozish orqali jamg‘arma mablag‘larini talon-toroj qilingani aniqlangan.

Foto: Senat.uz

Yo‘l ishlari dasturlari tasdiqlangandan so‘ng yil davomida ularga qo‘shimcha obektlar kiritilishi hisobiga yildan yilga o‘tuvchi obektlar soni va qiymati ortib borishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu obektlarning yillar davomida foydalanishga topshirilmasligi o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Obektlar dastlabki qiymatiga nisbatan bir necha bor qimmatlashishiga, avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash sifati pasayishiga, budjet mablag‘laridan samarasiz foydalanishga va xarajatlar keskin oshishiga olib kelmoqda, deyiladi ma’lumotda.

Bildirilishicha, yildan yilga o‘tuvchi obektlar qurish jarayoni davom etayotgani, buning hisobiga loyiha-smeta hujjatlaridagi qurilish materiallari narxlari bir necha bor qimmatlashayotgani uchun buyurtmachi va pudratchi tashkilotlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar bekor qilinishi holatlari ham ko‘paymoqda.

Foto: Senat.uz

“Oqibatda, obekt qoldiq ish hajmlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari qayta ishlab chiqilganda, obekt qiymati dastlabki qiymatga nisbatan bir necha bor ortib ketmoqda.

Barcha xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar uchun hisobvaraq fakturalarni elektron shaklda rasmiylashtirish tizimini majburiy tartibda joriy etish belgilangan bo‘lsa-da, qurilish sohasida hisobvaraq-fakturalar tuzilishi jihatidan farq qilgani uchun qurilish sohasida bajarilgan ishlar qog‘oz shaklida qabul qilinmoqda, qurilish sohasiga mos bo‘lmagan elektron hisobvaraqlar ham to‘ldirilmoqda.

Bu, birinchi navbatda, qurilish sohasida qo‘shib yozishga, debitorlik va kreditorlik qarzlarini noo‘rin oshib ketishiga, ish turlari bo‘yicha bajarilgan ishlar hajmi bo‘yicha oyma-oy hisobotlarni shakllanmasligiga va noaniqliklarga olib kelmoqda”, deyiladi Senat xabarida.

Muhokama yakunida qayd etilgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga ko‘rsatmalar berildi hamda Qonunchilik palatasi va Senat mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitalari qo‘shma qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid