O‘zbekiston | 21:35 / 29.07.2022
18107
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimligi o‘qituvchilar uchun maktab formasiga budjetdan 15,7 mlrd so‘m ajratdi

Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov 27 iyul kungi bayonotida o‘qituvchilar uchun yagona forma joriy etilayotgani haqidagi xabarlarni “feyk” deb atagandi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahar hokimining 27 iyuldagi 767-14-0-Q/22 sonli qaroriga asosan, mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan 15 ming nafar o‘qituvchi uchun maktab formalariga 12,7 mlrd so‘m miqdorida pul ajratilgan.

Bir kun avval, 26 iyul kuni shahar hokimining 761-14-0-Q/22 sonli qaroriga asosan esa Respublika budjetining 2022 yil ikkinchi chorak daromadlari rejasini orttirib bajarilgan qo‘shimcha manbasining Toshkent shahar mahalliy budjetiga ajratilgan qismi hisobidan umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining formalari uchun 3 mlrd so‘m miqdorida mablag‘lar taqsimlanishi e’lon qilingan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, agar har ikki qaror bo‘yicha maktab o‘qituvchilari formasiga yo‘naltirilayotgan umumiy mablag‘ hisobga olinsa, o‘qituvchi uchun bitta forma o‘rtacha 1 mln 47 ming so‘mdan tushishi mumkin.

E’tiborli jihati, aynan 27 iyul kuni xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov umumta’lim maktablari uchun yagona maktab formasini joriy etish masalasiga doir bayonot bilan chiqqandi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda joriy o‘quv yilidan boshlab o‘qituvchilar uchun ham yagona forma joriy etilayotgani haqida hech qanday asosga ega bo‘lmagan ma’lumotlar tarqalmoqda. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘qituvchilar uchun bunday talab joriy etilmaganini, bu oddiy “feyk” xabar ekanini qat’iy ta’kidlab o‘tmoqchiman”, degandi Saidov.

Vazir yangi o‘quv yili, ya’ni 2022 yil sentabr oyidan boshlab ota-onalarga yagona formani xarid qilishiga majburiy talab qo‘yilmasligini va maktabga yagona formada kelmagan o‘quvchilarga nisbatan hech qanday e’tirozlar bildirilmasligini ma’lum qilgan. 

Mavzuga oid