16:16 / 02.09.2022
11101

“Bolamni tuproqqa berishdan qo‘rqaman”: oqqon qarshisida chorasiz onalar

Xasta holida birovning qo‘liga qarashdan og‘iri yo‘q. Lekin farzandi xasta bo‘lganida ota-ona har qanday og‘irlikni ko‘taradi. Bu onalar ham bolasining hayoti uchun kurashayotgan muhtojlardir.

“Bolamni tuproqqa berishdan qo‘rqaman”

7 yoshli Xanifa go‘dakligidan ko‘p kasalga chalingan. Lekin navbatda uni og‘ir xastalik – oqqon kutib turgan edi. Qizlarining sog‘ayishi uchun ota-onasi qo‘llaridan kelgancha harakat qilib, davolatib kelishyapti. Bir hovlida to‘rt oila yashaydigan sharoitda sotishga arzigulik hamma narsa sotilib qizaloqning davolanishi uchun sarflangan. Oilada yana bir bemor – Xanifaning bobosi ham jigar sirroziga chalingan. Oddiy ishchi bo‘lib ishlaydigan otasi esa har ikki og‘ir dardning chorasini topa olmayapti. Bemorning onasi Zarifa Meliqulova esa farzandini tuproqqa berishdan qo‘rqishini aytadi.

Xanifa Nazirovaga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 5704 0368 4284 onasi Zarifa Meliqulova nomida

Humo: 9860 0803 5239 6768 qarindoshi Xursanoy Meliqulova nomida

Manzil: Surxondaryo viloyati, Oltinsoy tumani, Shakarqamish mahallasi 6 uy.

Boshiga tushgan bilarkan oqqonning dahshatini...

Hali maktab ostonasini hatlab ulgurmagan Charosning bir necha yildan beri shifoxonalarda umri o‘tyapti. Boshidagi xavfli yara sabab davolanishlar tugamasidan oqqonning belgilari ko‘rinib, qizaloqni to‘shakka mixlagan. Shifokorlarning sa’y-harakatlari bilan salomatligi ancha tiklangan bo‘lsa-da, hali undan kasallik ketmagan.

Yillab bemorni parvarish qilish uy-joysiz, ijarada yashovchi, kunlik ishlar bilan shug‘ullanadigan ota-onaning tinkasini quritgan. Charosning onasi o‘qituvchi, lekin qizining parvarishi tufayli hozir ishlamaydi. Uy olish niyatida yig‘ilayotgan mablag‘larini shu vaqtga qadar ishlatib kelgan oila endi dori-darmonlar xarajati uchun qiyin vaziyatga tushib qolishgan.

Charos Ismoilovaga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 0423 5564 7677 onasi Nilufar Nasriddinova nomida

Manzil: Buxoro viloyati, Qorako‘l tumani, Qoraqulonchi qishlog‘i 31 uy.

“Yolg‘iz boshim bilan ko‘p qoqildim”

Taqdir taqozosiga ko‘ra Jonibek faqat onasi bilan yashashga majbur bo‘lgan edi. Endi esa mash’um kasallik bilan ham kurashishga mahkum.

“Yolg‘iz boshim bilan hayotda shunchalar ko‘p qoqildimki, xayolimga ham kelmagandi. Ikki o‘g‘limni halol yedirib katta qilayotganimda menga bu kasallik juda katta zarba bo‘ldi. Pulim yo‘qligi uchun bolamni davolata olmaslikdan qo‘rqdim. Turmush o‘rtog‘im bilan ajrashganimiz uchun xabar berganimda bolamni davolatish uchun pul sarflash befoydaligini aytdi. O‘zim imkon qadar oshxonalarda ishlab bolalarimni boqayotgan edim, lekin bu bilan o‘g‘limning dori-darmoniga yetkazib bo‘lmayapti”, - deydi bemor bolaning onasi.

Jonibek Nabiyevga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 0609 5655 6600 onasi Mohichehra Ibragimova nomida

Humo: 9860 0303 3975 4704 onasi Mohichehra Ibragimova nomida

Manzil: Surxondaryo viloyati, Sherobod tumani, Galaguzar mahallasi, Gulzor ko‘cha 98 uy.

Nevaralariga ham ona, ham ota bo‘layotgan buvining hasrati

Bu oilaning boshiga tushganlarini eshitib beixtiyor qalbda og‘riq seziladi. Lazzat opa o‘zi yolg‘iz holida ikki qizni turmushga uzatgan. Yakka-yu yagona o‘g‘lini uylantirib endi og‘zi oshga yetgan pallada ketma-ket kelgan kulfatlardan esankirab qoladi. Avvaliga kelini avtohalokat tufayli olamdan o‘tdi. Qizi Jibek va egizak chaqaloqlari bo‘zlab qoldi. Bir muddatdan so‘ng o‘g‘li ham avtohalokatda bir oyog‘idan ayrilib, ishga yaroqsiz bo‘lib qoldi. Bular ham kamday katta nevarasi Jibekda oqqon xastaligi aniqlandi. Keksa holida nevaralariga ham ona, ham otalik qilayotgan buvining oladigan pensiyasi va bolalarning nafaqalari evaziga kun kechirishmoqda.

Jibek Jumayevaga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 0609 4082 0971 buvisi Lazzat Esimboyeva nomida

Manzil: Toshkent viloyati, Quyi Chirchiq tumani, Paxtachi mahallasi, Mirza Ulug‘bek ko‘chasi 8 uy.

Bemor bolalarning ko‘zlarida yashashga bo‘lgan umid ko‘rinadi. Demak ular barchamizdan umidvor, yaxshiliklarga intizor bo‘lib nafas olishyapti. Bu umidlar ushalishiga ishonamiz.

 Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Tasvirchilar: Abdusalim Abduvohidov, Javohir G‘ayratov.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top