17:16 / 21.10.2022
4397

9 oyda qariyb 20 ming haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan – Oliy sud

Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yilning 9 oyida sudlar tomonidan yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzish bilan bog‘liq 24 860 ta ish ko‘rib chiqilgan va 24 331 kishi javobgarlikka tortilgan.

Oliy sud axborot xizmatiga ko‘ra, 2022 yilning 9 oyi davomida transport vositalarini mast holda boshqarish hamda transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha 25 073 nafar shaxsga nisbatan 24 860 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 24 331 nafar shaxsga nisbatan jarima, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish va ma’muriy qamoqqa olish kabi ma’muriy jazolar qo‘llangan.

Chunonchi, transport vositalarini mast holda boshqargan hamda transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlagan 19 761 nafar shaxs transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan.

9 oy mobaynida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 469 044 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi 388 524 ta ish ko‘rib chiqilgan. Shundan 292 172 nafar shaxsga nisbatan jarima, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni musodara qilish, muayyan shaxsni unga berilgan maxsus huquqdan mahrum etish, ma’muriy qamoqqa olish hamda chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborish kabi ma’muriy jazolar qo‘llangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning aksariyatini mayda bezorilik, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish, haqorat qilish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, yengil tan jarohati yetkazish, transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi, jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish, transport vositalarini mast holda boshqarish hamda soliq solish obektlarining hisobini va hisobotini yuritishning belgilangan tartibini, shuningdek to‘lov intizomini buzish kabi huquqbuzarliklar tashkil etadi.

Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlari tomonidan apellyatsiya tartibida 10 676 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi 8 767 ta ish ko‘rib chiqilgan. 2 643 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 3 158 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.

Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan kassatsiya tartibida 978 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi 929 ta ish ko‘rib chiqildi. 245 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 124 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.

Top