20:52 / 15.11.2022
36644

Qarshi tumani sobiq hokimi Maqsuda Mustafoyeva maktab direktorligiga tayinlandi

O‘zbekiston media makonida eng ko‘p shov-shuvlarga sabab bo‘lgan sobiq ayol hokim maktab direktorligi lavozimida ish boshladi.

Foto: Daryo.uz

Qarshi tumani sobiq hokimi Maqsuda Sayfullayevna Mustafoyeva Qashqadaryo viloyat markazi — Qarshi shahridagi 11-maktabga direktor etib tayinlangan.

Qarshi shahar hokimligi axborot xizmati Kun.uz’ga xabar berishicha, xalq deputatlari Qarshi shahar kengashi Mustafoyeva nomzodini direktorlikka tasdiqlagan.

Maqsuda Mustafoyeva O‘zbekistonda hokimlikka ayol kishilarni tayinlash bilan bog‘liq ajiotaj bo‘lgan davrda, 2020 yil 4 mart kuni Qarshi tuman hokimi etib tayinlangan edi.

Maqsuda Mustafoyeva / Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

M.Mustafoyeva shu yilning 6 fevralida Qarshi tuman hokimi lavozimidan olingan edi. (Ayni paytda ushbu lavozimda pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Behzodjon Yusupov faoliyat ko‘rsatmoqda).

Qarshi tumani hokimi sifatida ishlagan davrida Maqsuda Mustafoyeva ko‘plab shov-shuvli ishlar bilan omma e’tiboriga tushgandi.

Jumladan, Qarshi tumanida faoliyat yurituvchi «SULTON TEX GROUP» klasteri tugatilishida ham uning bevosita ishtiroki bo‘lgan. Klaster o‘rniga tuzilgan fermerlar kooperatsiyasi esa davlat mablag‘larini talon-taroj qilish bilan mashg‘ul bo‘lgan

M.Mustafoyeva g‘alla rejasini bajarish uchun chorvachilik fermer xo‘jaligining ozuqa g‘allasini ham tortib olayotgani haqida fermer shikoyat qilib chiqqan edi. Hokim maqsadiga yetishish uchun IIB kuchidan foydalangan.

Qarshi tumanida ijtimoiy og‘ir ahvolga tushib qolgan besh nafar ayolga toshkentlik tadbirkor tomonidan saxovat tariqasida uy-joy qurish uchun berilgan jami 100 million so‘m pul hokim tomonidan tarqatilib, qaytarib olingani shov-shuv bo‘lgan edi.

Ushbu 100 million so‘m pul hokimlik tomonidan o‘zlashtirib yuborilgani haqida xabarlar tarqalishi ortidan 2021 yil 23 iyul kuni viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Maqsuda Mustafoyevaga hayfsan intizomiy jazosi qo‘llangan edi.

Qarshi tumanidagi «Kerayt» mahallasi fuqarolari Maqsuda Mustafoyeva ularga yer berganini, yer obod qilingach esa tortib olinib, tadbirkorga hujjatlashtirib berilganini aytib chiqishgan edi.

2022 yilning may oyida Qarshi tumani sobiq hokimi M.Mustafoyeva qamoqqa olingani haqida xabarlar tarqalib, so‘ngra viloyat prokuraturasi tomonidan ushbu xabar rad etilgan edi.

Mavzuga oid
Top