Asl mohiyatni tushunishingiz uchun voqeani bir boshidan hikoya qilib beramiz. Erinmay oxirigacha o‘qishingiz so‘raladi.

Qarshi tumanida kooperatsiya tashkil etilishi

Demak, 2020 yili Qarshi tumanida «SULTON TEX GROUP» klasteri tugatilib (bu haqda Kun.uz’da ko‘p chiqish qilingan edi), 27 aprel sanasida uning o‘rniga «SILVER FIBER AGRO KOOPERATSIYASI» MChJ tuziladi.

Xullas, «SULTON TEX GROUP» klasteri o‘rniga tuzilgan kooperatsiya MChJning Nizom jamg‘armasi 200 mln so‘m qilib belgilanadi, uning 50 foizi «Beshkent paxta tozalash zavodi» AJga, 25 foizi Astonov Bahriddin Ergashevichga, yana 25 foizi Mo‘minov Nurbek Davronovichga tegishli etib belgilanadi.

Lekin fermerlar kooperatsiyasining bu tarzda tashkil etilishi O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 7 mart sanasidagi «Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga zid edi.

Prezident qarorida paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilmagan (Qarshi tumanida esa tugatilgan) hududda paxta tozalash korxonalari negizida fermer xo‘jaliklarining ixtiyoriy kooperatsiyalari tashkil etilishi belgilangan.

Sudlashuvlar asnosida bu xatosi ko‘rsatilgach, zudlik bilan kooperativ ustavi o‘zgartiriladi, MChJ shu nomdagi ishlab chiqarish kooperativiga aylantiriladi.

Kooperativning Nizom jamg‘armasidagi 79,01 foiz ulush o‘sha paytda Meyliyev Bekzod Usmonqulovich rahbarlik qilayotgan «Beshkent paxta tozalash zavodi» AJga, qolgan 20,99 foiz ulushi esa Qarshi tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan 40 nafarga yaqin fermerlarga bo‘lib beriladi.

Aslida, kooperativdagi ishlar shu kungacha ham mana shu tarzda davom etsa bo‘laverardi. Hech kimda hech qanday e’tiroz bo‘lmasdi.

«Beshkent paxta tozalash zavodi» AJ kooperativdan qanday chiqarildi?