13:29 / 25.12.2022
45540

Zo‘r kabobning siri: amirlar zamonidan buyon kabobpazlik qilayotgan sulola vakillari bilan suhbat

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida shashlikchilar sulolasi bor. Ularning ajdodlari amirlar davridan beri kabobpazlik qilib keladi. Kun.uz sulolaning eng keksa vakili Xayrullo bobo xonadonida bo‘lib, «dong‘i ketgan» g‘ijduvoncha shashlik tayyorlash sirlariga qiziqdi.  

Xayrullo Muhammedov shashlikchilar sulolasining eng keksa vakili. 61 yoshli otaxon 12 yoshidan beri shashlik pishiradi. Uning katta bobolari, amakilari, o‘g‘illari ham shu ishning hadisini olgan kishilar. Hozir shashlikchilar safi kengayib, nabiralari ham shu hunarga qiziqa boshlayapti. Uning aytishicha, bu hunar ularga qondan o‘tadi.

«Katta bobolarimiz amirlar davrida ham shashalik pishirgan. Otam meni yoki men o‘g‘illarimni bu hunarni qilishga majburlamaganmiz. Kichikligimizdan shu muhit ichida yurib, mehrimiz tushgan. O‘zim ham maktabdan qochib kelib, shashlik pishirishga qiziqqanman, maktabda o‘qimagan bo‘lsam ham Allohdan xafa emasman. Chunki hamma ham ilmli bo‘lolmaydi, kimdir kasb o‘rganadi. Kimdir olim, kimdir shifokor, kimdir militsioner, biz esa shu ishning nonini yeb katta bo‘lganmiz», — deydi Xayrulla bobo.

Shashlik pishiriladigan choyxonani ham otasi nomiga «Yusufustozoda» deb qo‘yishgan. Bu yerdan xo‘randalar oyog‘i uzilmaydi. Choyxonada so‘rilar qilib qo‘yilgan, bedanalar ovozi bilan haqiqiy o‘tgan asrlar nafasi sezilib turadi. Shuning uchunmi, bu kaboblarning xo‘randalari faqat o‘zbekistonliklar emas. Xayrullo bobo xonadoniga xorijdan ham mehmonlar keladi. Shashlikni sayyohlar ko‘z o‘ngida pishirib ko‘rsatishadi. Xorijliklar orasida qiziqadiganlar bo‘lsa, birgalashib tayyorlashadi.

«Shu bilan tumanimizga ko‘proq turistlarni jalb qilishni istaymiz», — deydi kabobpaz.

Xayrullo bobo pishiradigan shashlik turlari 20 xildan ortiq. Bu haqda uning o‘g‘li, sulolaning 5-avlodi Habibullo Yusupov gapirib berdi.

«Bu yerda qo‘y go‘shti, jigardan, go‘shtning lahm joyidan, qovurg‘alardan kaboblar bor. Shuningdek, rulet, napoleon, semechka shashlik, sabzavotli shashlik kabi bir necha turlarini ham tayyorlaymiz. Mijoz istagiga qarab, pishirib beraveramiz», — deydi Habibullo.

Xayrullo bobodan shashlik bunday mazali chiqishining siri nimada ekani haqida so‘radik. Shashlikpaz esa «halollik» deb javob berdi.

«Avvalo Allohdan, keyin pirlar madadkor bo‘lishini so‘raymiz. Yaxshi shashlikning siri qassob ham, go‘sht ham bo‘lishi mumkin. Yoki ob-havodanmi, bilmadim. Bu ish asosan halollik xohlaydi. Go‘sht halol bo‘lsa, rizqimiz halol bo‘ladi. Allohning oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi», — deydi u.

Kabobpaz go‘shtni tanlay olish undagi tug‘ma talantligi haqida aytadi.  Shashlik deganni ham o‘zi bo‘lmaydi. Yumshoq joyini olib, toza qilib, marinadlab, hammasini yuvgandan keyin shashlik qilsa bo‘lar ekan.

«Eng shirin go‘sht bu — juda katta ham, kichik ham bo‘lmagan 150-200 kilo tosh bosuvchi g‘unajinniki bo‘ladi. Molning yon, qo‘ltiq tomonlari yumshoq bo‘ladi. Soni sal qattiqroq bo‘ladi», — deydi u.

Xayrullo boboning 47dan ortiq shogirdlari bo‘lib, ularning ayrimlari Toshkent, Zarafshon shaharlarida, shuningdek, dunyoning Turkiya, Rossiya davlatlarida kabobpazlik qilib, o‘z restoranlarini ochgan.

«Yana shogird kelaman desa, bosh ustiga qabul qilamiz. Hech kim kasbini o‘zi bilan olib ketmaydi. O‘rganib menga, bobomga rahmat desa, duo qilsa bo‘ldi», — deydi Xayrullo bobo.

U bu kasbni o‘zida xohish bo‘lgan odam taxminan 2 yilda puxta o‘rganishi mumkinligini aytadi.

«Agar o‘rganuvchining o‘zi istamasa, men majburlolmayman. Biz supurish, tozalik, piyoz archish, sixlarni yuvish, ko‘mir solish, g‘o‘shtni to‘g‘rashdan boshlab o‘rgatamiz. Shu paytgacha chiqargan shogirdlarimning hammasi hurmat qiladi. Ustozjon, akajon deb kelishadi. Dunyodan o‘tib, qaytib tug‘ilsam ham yana shu hunarni tanlagan bo‘lardim», — deya so‘zini mamnunlik bilan yakunladi Xayrullo bobo.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid
Top