Jahon | 13:55 / 08.03.2023
5251
2 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi Guterrish Kiyevga tashrif buyurdi

Foto: Reuters

Antoniu Guterrish va Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralar mavzusi Ukraina donini Qora dengiz orqali eksport qilish bo‘yicha kelishuvni uzaytirish bo‘ladi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Kiyevga tashrif bilan bordi. 7 mart, seshanba kuni kechqurun u Polshaga uchib ketdi va 8 martga o‘tar kechasi Ukraina poytaxtiga yetib keldi.

Keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Kiyevga uchinchi tashrifi chog‘ida BMT rahbari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashadi. Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri Ukraina g‘allasini Qora dengiz orqali eksport qilish bo‘yicha 19 martda tugaydigan bitimni uzaytirish bo‘ladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Rossiya bilan bu kelishuvni yana bir bor uzaytirishni talab qilmoqda.

2022 yil iyul oyida BMT va Turkiya Ukrainadan don eksport qilish imkoniyatini ochish uchun Rossiyani Ukraina Qora dengiz portlari blokadasini to‘xtatishga ko‘ndirdi. «G‘alla bitimi» to‘rt oyga tuzildi va donni Qora dengizdagi uchta Ukraina porti orqali eksport qilish imkonini berdi. Noyabr oyida kelishuv yana to‘rt oyga uzaytirildi.

Ukraina dunyodagi eng yirik don eksportchilaridan biridir. To‘liq miqyosli bosqin boshlanishidan oldin, Rossiya va Ukraina dunyodagi don eksportining to‘rtdan bir qismini ta’minlagan. O‘tgan yilning aprel oyidan boshlab Yevropa Ittifoqi Ukraina g‘allasini quruqlik, temiryo‘l va daryolar orqali «birdamlik yo‘llari» bilan eksport qilishga ko‘maklashmoqda.

Mavzuga oid