Jahon | 10:32 / 28.04.2023
6738
2 daqiqa o‘qiladi

Natsistlar konslagerining sobiq qo‘riqchisi 102 yoshida vafot etdi

Yozef S. - Zaksenxauzen konslagerining sobiq qo‘riqchisi - besh yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Biroq, u bir kun ham qamoqda o‘tirmadi, chunki darhol hukm ustidan shikoyat qilgan.

Foto: Getty Images

Germaniyaning dpa agentligi 27 aprel, payshanba kuni rasmiy manbaga tayanib xabar berishicha, 3500 nafar mahbusni o‘ldirishda sheriklikda ayblanib, besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan natsistlarning Zaksenxauzen konslageri sobiq qo‘riqchisi Yozef S. 102 yoshida vafot etdi. Epd agentligiga ko‘ra, sobiq qo‘riqchi 11 aprel kuni vafot etgan.

Yozef S. o‘tgan yil iyun oyida Noyruppin shahar sudi tomonidan sudlangan. Hukm chiqarilgandan so‘ng u darhol Federal sudga shikoyat qildi. Apellyatsiya bo‘yicha qaror hali qabul qilinmagani bois, hukm qonuniy kuchga kirmagan va Yozef S. bir kun ham qamoqda o‘tirgani yo‘q.

Sudda Yozef S. Zaksenxauzen konslagerida xizmat qilganini umuman rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u qishloq xo‘jaligida ishlagan. Ammo sud sudlanuvchining konslagerda xizmat qilganini tasdiqlovchi ko‘plab hujjatlarni o‘rganib chiqib, unga ishonmadi.

Advokat Shtefan Vaterkamp o‘z mijoziga nisbatan chiqarilgan hukm ustidan darhol apellyatsiya berdi. U o‘z qarorini Federal adliya sudi hech qachon konslager qo‘riqchisi sifatidagi oddiy xizmatni mahbuslarni o‘ldirishda ishtirok etganlikda ayblash uchun asos qilib olmagani bilan izohladi.

Mavzuga oid