O‘zbekiston | 15:45 / 01.05.2023
46675
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentga olib kelingan yangi avtobuslardan ikkitasining tom qismi ajralib tushdi

Yunusobod tumanida harakatlanish uchun qo‘yilgan 2 ta yangi “garmoshka”larning tom qismi avtobusdan ajralib tushgani va bitta yengil avtomobilni zararlagani aks etgan videoyozuvlar tarqalmoqda.

Videodan kadr

1 may kuni tarmoqlarda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida King Long rusumli 18 metrli avtobusning tomidagi qopqog‘i tushib ketgani aks etgan video tarqaldi.

Xabarlarga ko‘ra, 24-yo‘nalishda yuradigan “garmoshka”larning biri ko‘cha bo‘ylab harakatlanayotganda daraxt shoxiga borib urilgan, oqibatda avtobusning tom qismi ajralib, gazballonlarni yopib turgan blokning korpusi osilib qolgan.

26 aprel kuni xuddi shu tumanda yuqoridagiga o‘xshash holat 93-yo‘nalishdagi “garmoshka” bilan sodir bo‘lgani aytilmoqda. Unda ham avtobusning tom qismi ajralib, yerda yotganini ko‘rish mumkin. Videoda bitta yengil avtomobil zarar ko‘rgani aks etgan.

Yuqoridagi holat yuzasidan Transport vazirligi, vazirlikning Toshkent shahar bosh boshqarmasi va “Toshshahartransxizmat” AJning rasmiy sahifalarida izoh berilmagan.

Kun.uz muxbiri bu bo‘yicha “Toshshahartransxizmat”AJ matbuot xizmati bilan ham bog‘lanishga urindi, ammo aloqaga chiqishning iloji bo‘lmadi.

Eslatib o‘tamiz, 26 mart kuni poytaxtga Xitoyda ishlab chiqarilgan Yutong hamda King Long rusumli avtobuslar olib kelingandi. 8 aprel kuni elektrobuslardan tashqari, tabiiy gazda ishlaydigan o‘ta katta sig‘imli “garmoshka”larning ham taqdimoti o‘tkazilgandi.

Unda transport vaziri Ilhom Mahkamov ham qatnashib, Xitoyning King Long va Yutong brendlaridan sotib olinayotgan 12 metrli 300 ta elektrobus, 12 metrli 500 ta tabiiy gazda yuradigan avtobus va 18 metrli 200 ta tabiiy gazda yuradigan avtobus – jami mingta transport vositasining umumiy narxi – 210 mln dollar ekanini aytgandi.

Mavzuga oid