16:00 / 24.05.2023
7270

Germaniya 55 nafar rossiyalikka urushga borishdan bosh tortgani uchun boshpana berdi

Rossiya Federatsiyasidan bo‘lgan, urushga borishdan bosh tortgan fuqarolar Germaniyadan boshpana so‘rab 2500 ga yaqin ariza topshirgan, ulardan 55 tasi ma’qullangan, aksariyati hali ko‘rib chiqilmagan.

Germaniyada urushda qatnashishdan bosh tortgani munosabati bilan siyosiy boshpana so‘ragan rossiyaliklarning deyarli 2500 arizasidan 55 tasi ma’qullandi. Bu haqda 24 may, chorshanba kuni RedaktionsNetzwerk Deutschland (RND) nashrlari guruhi Germaniya Ichki ishlar vazirligi javobiga tayanib xabar berdi.

Aprel oyining oxiriga kelib, Rossiyaning chaqiruv yoshidagi 2485 fuqarosi Germaniyadan boshpana so‘rab murojaat qilgan. 814 ta ish bo‘yicha qarorlar qabul qilingan: 55 ta ariza qanoatlantirilgan, 88 tasi rad etilgan. 671 ta holatda "rasmiy kelishuv" bo‘lgan. KNA agentligi tushuntirishicha, arizalarni, masalan, Dublin kelishuvi bo‘yicha qaytarib olish ushbu toifaga kiradi. Unga ko‘ra, bunday arizalar Yevropa Ittifoqiga birinchi kirilgan davlatlar tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.

Yana 1671 ta ish haligacha ko‘rib chiqilmoqda. Germaniya Ichki ishlar vazirligining javobida ta’kidlanganidek, urushda qatnashishni istamagan rossiyalik qochoqlar va harbiy xizmatchilar Germaniyadan boshpana so‘rash huquqiga ega. Shu bilan birga, huquq himoyachilari bu tartib juda murakkab va unda ijobiy qarorlar ulushi juda kichik ekanligini bir necha bor ta’kidlagan.

Germaniya Bundestagining so‘l partiyadan bo‘lgan deputati, Ichki ishlar vazirligiga so‘rov yuborgan Yan Korte boshpana so‘rab ma’qullangan arizalarning kamligini tanqid qildi. “100 000 dan ortiq harbiy xizmatga chaqiruv yoshidagi erkaklar Rossiyani tark etib, Putin urushidan voz kechdi, lekin ulardan atigi 55 nafari Germaniyada rasmiy himoya topyapti, bunda nimadir noto‘g‘ri ketyapti”, dedi u RND'ga.

Top