07:41 / 12.06.2023
7519

AQSh YuNeSKOga qaytishga qaror qildi

Vashington tashkilotga qaytish uchun YuNeSKO oldidagi 500 million dollar qarzini to‘lamoqchi. Qo‘shma Shtatlar Tramp ma’muriyati tomonidan 2017 yilda YuNeSKO tarkibidan chiqqan edi.

Foto: YuNeSKO

Qo‘shma Shtatlar YuNeSKOni (Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti) qayta a’zo bo‘lish qarori haqida xabardor qildi. Bu haqda 12 iyun, yakshanba kuni Davlat departamenti vakiliga tayanib, Axios portali ma’lumot berdi.

Davlat kotibining boshqaruv va resurslar bo‘yicha o‘rinbosari Richard Verma BMT madaniyat agentligiga maktub yo‘lladi, Vashingtonning tashkilot oldidagi qarzini to‘lash rejasi ham bor, deb xabar beradi Axios. O‘tgan yilning dekabr oyida AQSh Kongressi YuNeSKOga a’zolik badallarini to‘lash uchun 500 million dollardan ortiq mablag‘ni ma’qulladi. To‘lov mamlakatga tashkilotga qayta qo‘shilish imkonini beradi.

2011 yilda Falastin YuNeSKOga to‘laqonli a’zo bo‘lgach, Obama ma’muriyati tashkilotni moliyalashtirishni to‘xtatdi. 2017 yil oktyabr oyida Donald Tramp davrida AQSh rasmiylari YuNeSKOni “Isroilga qarshi siyosatda” ayblab, agentlikdan chiqishini e’lon qildi. 

2022 yil fevral oyida Isroil hukumati AQSh Davlat departamentini AQShning tashkilotga qaytishiga qarshi chiqmasligi haqida xabardor qildi. Isroilning pozitsiyasi Kongressdagi ba’zi demokratlar va respublikachilarga bu harakatni qo‘llab-quvvatlashga imkon berdi, deya ta’kidlaydi Axios.

 

Mavzuga oid
Top