19:05 / 03.07.2023
32746

Chaqaloqning boshini ehtiyot qilishda nimalarga e’tibor berish zarurligi aytildi

Go‘dakning bosh chanog‘idagi yumshoq joylar, ya’ni liqildoqlar bola tug‘ilishi va tashqi muhitga moslashishida muhim o‘ringa ega.

Foto: AP

Yangi tug‘ilgan bolaning suyagi mo‘rt bo‘ladi. Ozgina ehtiyotsizlik ham unda tuzatib bo‘lmas asoratlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, jazirama kunlarda chaqaloqning bosh sohasi jiddiy e’tibor talab qiladi, deb pediatr-shifokor Shozoda Karimova so‘zlarini keltirdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

«Yangi tug‘ilgan go‘dakning bosh chanog‘i bir nechta o‘zaro birikmagan suyaklardan iborat bo‘ladi. Ushbu suyaklar orasida yumshoq joylar, ya’ni liqildoqlar borligini sezish mumkin. Ular bola tug‘ilishi va tashqi muhitga moslashishida muhim o‘ringa ega. Birinchidan, bosh liqildoqlari tug‘uruq jarayonini osonlashtirib, bolaning qo‘shimcha xavfsizligini ta’minlaydi. Tug‘uruqdan so‘ng vaqt o‘tib bolaning boshi asl shakliga qaytadi. Ikkinchidan, liqildoqlar tabiiy amortizator bo‘lib xizmat kiladi. Bolaning boshiga biror narsa tegib ketsa, u zarb kuchini kamaytiradi», dedi shifokor.

Karimova so‘zlariga ko‘ra, chaqaloqlarda kattalardan farqli o‘laroq tana harorati muvozanatini saqlash tizimi hali yaxshi rivojlanmagan bo‘ladi. Liqildoqlar esa bu tizim vazifalarining bir qismini o‘z zimmasiga oladi.

«Go‘dakning tana harorati ko‘tarilganda liqildoqning yupqa membranasi miyani tabiiy holatda sovutadi. Bola chinqirib yig‘laganda liqildoq sal shishadi. Ichiga botgan liqildoq esa odatda organizm suvsizlanganidan darak beradi. Bu holat kuchli ich ketishi yoki qusish oqibatida yuzaga keladi. Bunday holatda darhol shifokorga murojaat qilish lozim», deb tavsiya qildi mutaxassis.

Ota-onalar bolada liqildoqning bitishiga alohida ahamiyat berishlari lozim. Bunda go‘dakning yoshiga muvofiq tana og‘irligi va boshining umumiy aylanasi ham hisobga olinishi muhim. Liqildoqning bitish muddati 3 oydan 24 oygacha, ba’zan undan ortiq vaqtgacha o‘zgarib turadi.

Top