«Tolibon» ShHTning navbatdagi sammitida ishtirok etmoqchi
Tan olinmagan harakat vakillari bunga qonuniy huquqi bor deb hisoblamoqda.
Afg‘onistonda hukmron «Tolibon» harakati rahbariyati tomonidan tuzilgan vakillar Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) sammitlarida qatnashish uchun qonuniy huquqqa ega ekanini da’vo qilmoqda. «Tolibon» Tashqi ishlar vazirligining bu haqdagi bayonotini TASS keltirdi.
«Afg‘oniston Islom Amirligi (davlatning «Tolibon» tomonidan qo‘llanadigan nomi) mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va hamkorlikni rivojlantirish maqsadida bunday yig‘ilishlarning o‘tkazilishini olqishlaydi, shuningdek, Afg‘onistonning ushbu tashkilotda kuzatuvchi maqomidagi ishtirokini qonuniy asosga ega deb hisoblaydi», deyiladi bayonotda.
Tashqi ishlar vazirligining ta’kidlashicha, yaqinda o‘tkazilgan sammitda Afg‘oniston hukumati vakillarining yo‘qligi «xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurash, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash, afg‘on aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatish va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha harakatlarni har tomonlama muvofiqlashtirishga to‘sqinlik qilmoqda».
Sammitda ShHT yetakchilari Afg‘onistonni «urushlar va giyohvand moddalardan xoli, erkin, mustaqil va birlashgan davlat» sifatida shakllantirishga chaqirdilar. «Tolibon» sammit yakuniy deklaratsiyasining ushbu qismini yuqori baholadi.
Shu bilan birga, sammit ishtirokchilari Afg‘onistonda «afg‘on jamiyatining barcha etnik, diniy va siyosiy guruhlari vakillari ishtirokida inklyuziv hukumat tuzishga» chaqirdi.
«Tolibon» hujjatning ushbu qismini sharhlar ekan, «Afg‘oniston tarkibiga mamlakatning barcha millatlari va mintaqalari a’zolari va vakillari kiradi», deb ta’kidladi. ShHT davlatlari vaziyatni joyida baholab, buni tasdiqlashi mumkin, deb qo‘shimcha qildi «Tolibon».
ShHT 2001 yil 15 iyunda Shanxayda tashkil topgan. Dastlab tashkilotga oltita davlat – Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Tojikiston va O‘zbekiston kirdi, 2017 yilda Hindiston va Pokiston ularga qo‘shildi. Yaqinda Eron ham tashkilotning to‘qqizinchi a’zosi bo‘ldi. Belarus ham tashkilotga to‘liq qo‘shilish jarayonini boshladi.
Hindistonda virtual rejimda o‘tkazilgan sammitga Mo‘g‘uliston kuzatuvchi davlat, Turkmaniston rais mehmoni sifatida taklif etildi. Afg‘oniston tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishiga qaramay, toliblar sammitga taklif etilmadi.
ShHT navbatdagi sammiti 2024 yilda Qozog‘istonda o‘tkaziladi.
Mavzuga oid
18:20 / 18.12.2024
O‘zbekiston 2025 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib beradi
17:52 / 07.12.2024
Qirg‘iziston prezidenti AQSh va Yevropani «Tolibon»ni tan olishga chaqirdi
17:43 / 03.12.2024
Afg‘onistonda TAPI gaz quvuri qurilishi boshlandi
23:50 / 29.11.2024