09:45 / 11.07.2023
5997

Berlinda rossiyalik faol odam o‘ldirishga urinishda ayblanmoqda

Berlin prokuraturasi rossiyalik faolni qotillikka urinish va RIA «Novosti» idorasiga o‘t qo‘yishga urinishda aybladi.

Foto: Christoph Soeder/AFP/Getty Images

Berlin Bosh prokuraturasi Germaniya poytaxtidagi RIA «Novosti» binosiga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgan rossiyalik dissidentga ayblov qo‘ydi. Idoraning 10 iyul, dushanba kuni chop etilgan bayonotida aytilishicha, 55 yoshli Rossiya fuqarosi boshqa narsalar qatorida qotillikka urinish va o‘t qo‘yishga urinishda ayblanmoqda

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil aprel oyi oxirida ayblanuvchi Rossiya axborot agentligi xodimlari egallab turgan ko‘p qavatli uyning yerto‘lasiga qo‘lbola portlovchi moslamani joylashtirgan. Tergov shuni ko‘rsatadiki, uning maqsadi binoga o‘t qo‘yish bo‘lgan. Noma’lum sabablarga ko‘ra qurilma ishlamagan. Bir necha kundan keyin Berlin davlat jinoiy ishlar boshqarmasi mutaxassislari uni topib, zararsizlantirdi.

Qayd etilishicha, sudlanuvchi o‘z aybini tan olmadi va «Rossiya maxsus xizmatlari intrigasi qurboni» bo‘lganini ta’kidlamoqda. «Batafsil tekshiruv buning hech qanday dalilini topmadi», — deyiladi bayonotda. O‘t qo‘yishga urinish ayblovlaridan tashqari, rossiyalik COVID-19 pandemiyasi davrida davlat subsidiyasini olishda hamda ijaraga olgan kvartirasida gaz va elektr energiyasi bilan firibgarlikda ayblanmoqda.

Erkak 2022 yil 14 dekabrda hibsga olingan, deb yozadi Bosh prokuratura. Hibsga olinishidan oldin u Rossiya prezidenti Vladimir Putin va uning rejimiga qarshi ommaviy harakatlar, masalan, Berlindagi Rossiya elchixonasi oldida norozilik lageri tashkillashtirgan. 

Nemis OAVning xabar berishicha, ayblanuvchi - rossiyalik faol, UnKremlin harakati asoschisi va Rossiyaning Germaniyadagi elchixonasi yaqinida namoyishlar tashkilotchisi Dmitriy B.dir. Uning qo‘lga olingani haqidagi ma’lumot avvalroq DW muxbiriga faolga yaqin manba tomonidan tasdiqlangan. 

Top