Jahon | 09:54 / 12.07.2023
6938
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Serbiya razvedka xizmati rahbariga qarshi sanksiyalar kiritdi

Serbiya razvedka xizmati rahbari «transmilliy uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi va mansab vakolatini suiiste’mol qilish»ga aloqadorligi uchun sanksiyaga uchragan.

Foto: RFE / RL

AQSh Moliya vazirligi Serbiya razvedka xizmati - Xavfsizlik va axborot agentligi rahbari Aleksandr Vulinga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda 11 iyul, seshanba kuni AQSh idorasi saytida xabar berildi.

«Aleksandr Vulin transmilliy uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy giyohvand moddalar savdosi va mansab vakolatini suiiste’mol qilish bilan shug‘ullangan», — deyiladi AQSh Moliya vazirligi matbuot-relizida. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, amaldor serbiyalik qurol-yarog‘ sotuvchisi Slobodan Teshich bilan «o‘zaro manfaatli munosabatlarni saqlab turibdi», unga «Serbiya chegaralari bo‘ylab noqonuniy qurol-yarog‘ jo‘natmalarining harakatlanishini ta’minlashda» yordam bermoqda. 

«Moliya vazirligi G‘arbiy Bolqonda demokratik boshqaruvga putur yetkazish bilan birga, shaxsiy manfaat yo‘lida o‘z mansabini suiiste’mol qilganlarni jinoiy javobgarlikka tortishdan to‘xtamaydi. Aleksandr Vulin o‘zining korrupsion va beqarorlik harakatlari uchun javobgar deb hisoblaymiz, bu ham Rossiyaning mintaqadagi harakatlariga hissa qo‘shgan», - dedi moliya vazirining terrorizm va moliyaviy razvedka bo‘yicha o‘rinbosari Brayan Nelson. 

Sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi Qo‘shma Shtatlardagi aktivlarni muzlatish, Amerika fuqarolari va kompaniyalariga u bilan biznes yuritish taqiqlanishini anglatadi. 

Vulin 2017 yildan 2020 yilgacha Serbiya razvedka xizmatini boshqarishdan oldin mamlakat mudofaa vaziri, 2020 yildan 2022 yilgacha esa Serbiya ichki ishlar vaziri bo‘lgan. Amaldor rossiyaparast qarashlarga amal qiladi va Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin u Serbiya «Rossiyaga qarshi isteriyaning bir qismi» bo‘lmasligiga va’da berdi. 

Rossiyalik siyosatchi va jurnalist Vladimir Kara-Murzaning aytishicha, 2021 yilda Vulin Moskvaga kelgan va u yerda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev bilan uchrashgan, shundan so‘ng tomonlar rangli inqiloblarga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzilganini e’lon qilgan. Bundan tashqari, o‘sha paytda Serbiya Rossiyaga Kara-Murza tomonidan Belgradda munitsipal deputatlar uchun tashkil etilgan seminarning yozuvlarini topshirdi. 

Mavzuga oid