22:26 / 12.07.2023
7210

Xitoy hakerlari G‘arb davlatlari muassasalariga hujum qildi - OAV 

Hakerlar G‘arbiy Yevropadagi 25 tashkilotni nishonga oldi. 

Foto: Getty Images

G‘arb davlatlari kibermakondagi asosiy tahdidlardan biri deb hisoblaydigan xitoylik hakerlar 25 ga yaqin tashkilot, jumladan, davlat idoralarining elektron pochta manzillariga yashirincha kirdi. 

Reuters agentligining Microsoft ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, hujum birinchi navbatda G‘arbiy Yevropadagi tashkilotlarga qaratilgan. Storm-0558 deb ataladigan hakerlar guruhi Outlook xizmatida ishlaydigan veb-pochta akkauntlariga kirish uchun raqamli autentifikatsiya tokenlarini soxtalashtirgan. Bu harakatlar may oyida boshlangan. 

«Microsoft hujumga uchragan barcha tashkilotlar bilan bog‘landi va ularga tekshiruv o‘tkazish va chora ko‘rish uchun muhim ma’lumotlarni taqdim etdi», deyiladi kompaniya bayonotida. Raqamli hujumga qaysi tashkilotlar yoki hukumatlar uchragani oshkor qilinmagan. 

Bir kun avval Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ABC telekanaliga bergan intervyusida federal hukumat akkauntlari buzilganini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh bu muammoni «tezda» hal qildi va keyingi muammolarning oldini olishga muvaffaq bo‘ldi. 

Qo‘shma Shtatlar Rossiya va Xitoyni kibermakonga tahdid solayotgan asosiy davlatlar deb biladi. 

Bahorda AQSh Milliy xavfsizlik agentligi direktori general Pol Nakasone Xitoy Tayvanga bostirib kirishga uringan taqdirda AQShga qarshi keng ko‘lamli kiberurush boshlashi mumkinligini bashorat qilgan edi. 

AQSh rasmiylariga ko‘ra, xitoylik hakerlar vahima qo‘zg‘ash va AQShning Tayvanga yordamini susaytirish uchun Amerikaning elektr tarmoqlari, transport tarmog‘i va telekommunikatsiya tizimlariga hujum qilishi mumkin. 

Mavzuga oid
Top