Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT Damashqning humanitar yordam yetkazib berish bo‘yicha shartlaridan xavotirda
BMT Suriya hukumati tomonidan mamlakat shimoli-g‘arbidagi isyonchilar nazoratidagi hududlarga transchegaraviy humanitar yordam yetkazilishini qayta tiklash bo‘yicha ilgari surilgan bir qator shartlarni «qabul qilib bo‘lmaydigan» deb atadi.
Foto: Ghaith Alsayed/AP
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Suriya hukumati tomonidan Turkiya-Suriya chegarasidagi Bab al-Hava orqali mamlakat shimoli-g‘arbidagi isyonchilar nazoratidagi hududlarga humanitar yordam yetkazilishi uchun ilgari surilgan «qabul qilib bo‘lmaydigan shartlar»dan xavotirda. Bu haqda BMT Xavfsizlik kengashiga Humanitar masalalarni muvofiqlashtirish byurosi yuborgan hujjatda aytiladi, deb xabar bermoqda 14 iyul, juma kuni AFP agentligi.
Ushbu nazorat punkti orqali insonparvarlik yordamini yetkazib berish BMTning 2014 yildagi kelishuvi muddati tugagan, har olti oyda bir marta yangilanishi kerak bo‘lgan 10 iyuldan beri to‘xtab qolgan. Shu hafta BMTga kelgan maktubga ko‘ra, Suriya hukumati ta’minot «hukumat bilan to‘liq hamkorlik va muvofiqlashtirilgan holda» amalga oshirilishini talab qilmoqda.
Damashq, shuningdek, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi (XQXQ) va Suriya Arab Qizil Yarim Oy jamiyati (SQYaJ) «insonparvarlik yordamining taqsimlanishini nazorat qilishi va yordam berishi» kerakligini ta’kidladi. Bundan tashqari, BMT «Suriya shimoli-g‘arbidagi terrorchi tashkilotlar va guruhlar bilan aloqaga chiqmasligi» kerak. BMT vakili Stefan Dyujarrikning so‘zlariga ko‘ra, bu shartlar «to‘liq tahlil qilinishi» kerak. «Biz turli hamkorlar bilan maslahatlashuvlar olib bormoqdamiz», dedi u.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Suriyada to‘rt million kishi oziq-ovqat, suv va dori-darmonga ehtiyojmand hisoblanadi. Shu bilan birga, yordam yuklarining qariyb 85 foizi Turkiya-Suriya chegarasidagi Bab al-Hava nazorat punkti orqali o‘tadi. Bab al-Hava – BMT yordami Suriya aholisiga hukumat kuchlari nazorati ostidagi hududlardan o‘tmasdan yetkazilishi mumkin bo‘lgan yagona yo‘l.
Damashq muntazam ravishda BMT yordamini o‘z suverenitetini buzish sifatida qoralab keladi, deb eslatadi AFP. 11 iyul kuni Rossiya Bab al-Hava nazorat punkti orqali transchegaraviy yordam mexanizmini to‘qqiz oyga uzaytirish haqidagi rezolyutsiya loyihasiga veto qo‘ydi.
«Suriyadagi ehtiyojlar miqyosi humanitar yordamga keng qamrovli va cheklovsiz yondashishni talab qiladi. Biz o‘z imkoniyatlarimiz doirasida va barcha manfaatdor tomonlarning roziligi bilan yordam berishga tayyormiz», deya ma’lum qildi Nyu-Yorkdagi XQXQ delegatsiyasi vakillari AFP’ga.