08:37 / 28.07.2023
9081

Qur’on bilan bog‘liq aksiyalar: Saudiya Arabistoni Daniyaga norozilik bildirdi

Daniya poytaxtida Qur’on yoqib yuborilgan bir qancha aksiyalar o‘tkazildi, bu arab davlatlarida noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Ar-Riyod diniy ta’limotlar haqorat qilinishi va xalqaro me’yorlar buzilishi haqida e’lon qildi.

Foto: AFP

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi Daniyaning muvaqqat ishlar vakilini Kopenhagenda Qur’onning qayta-qayta yoqib yuborilgani yuzasidan norozilik notasini taqdim etish uchun chaqirdi, deb xabar bermoqda 28 iyul, juma kuni Reuters. Ar-Riyod Daniya hukumatini «diniy ta’limotlarni kamsituvchi, qonunlar va xalqaro me’yorlarni buzuvchi har qanday g‘ayritabiiy harakatlarni to‘xtatishga chaqiradi», — deyiladi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Bundan bir necha kun oldin islomga qarshi o‘ta o‘ngchi Danske Patrioter guruhi faollari Kopenhagendagi Iroq, Misr va Turkiya elchixonalari oldida musulmonlarning muqaddas kitobi nusxalariga o‘t qo‘ygan edi. 

Xuddi shunday aksiya 21 iyul kuni Daniyada Iroq elchixonasi yaqinida bo‘lib o‘tdi. Daniya hukumati qirollik harakatni qoralashini aytdi. «Muqaddas matnlar va boshqa diniy ramzlarni yoqib yuborish boshqalarning dinini hurmat qilmaydigan sharmandali harakatdir. Bu ko‘pchilikni xafa qiladigan, turli dinlar va madaniyatlar o‘rtasida to‘siq qo‘yadigan provokatsion harakatdir», - deydi rasmiylar. 

Daniyada Qur’on yoqib yuborilgan harakatlar arab dunyosida norozilik uyg‘otdi. Ulardan biridan keyin yuzlab namoyishchilar Bag‘dod ko‘chalariga chiqib, Iroq poytaxtidagi Daniya elchixonasiga to‘plandi. Xavfsizlik kuchlari olomonni suv purkagichlar bilan tarqatib yubordi. 

Top