08:46 / 29.07.2023
9597

Afrika davlatlari Putinni «g‘alla bitimi»ga qaytishga chaqirdi

Afrika davlatlari tomonidan taklif etilgan Ukraina uchun tinchlik rejasi e’tiborga loyiq, dedi Kongo prezidenti. Misr prezidenti Rossiyani Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuvni qayta tiklashga chaqirdi.

Foto: Getty Images

Afrika davlatlari Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainaga qarshi urushni to‘xtatib, Ukraina g‘allasini eksport qilish bo‘yicha «g‘alla bitimi»ga qaytishga chaqirdi. «Afrika davlatlari tomonidan taklif etilgan Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan tartibga solish rejasi e’tiborga loyiq. Biz yana bir bor Yevropada tinchlikni tiklashga chaqiramiz», dedi Kongo prezidenti Denis Sassu Nguesso, juma, 28 iyul kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan Rossiya-Afrika forumida.

JAR prezidenti Siril Ramafosa «konstruktiv hamkorlik va muzokaralar» urushni tugatishga olib kelishiga umid bildirdi. O‘z navbatida, Misr prezidenti Abdel-Fattoh as-Sisi Rossiyani Ukraina g‘allasini Qora dengiz orqali eksport qilish bo‘yicha kelishuvni yangilashga chaqirdi, Moskva undan o‘n kun avval bir tomonlama chiqib ketgan edi.

Afrika yetakchilari Rossiyani to‘g‘ridan to‘g‘ri tanqid qilmadi, biroq sammitning ikkinchi kunida Ukrainadagi urush oqibatlari, ayniqsa, oziq-ovqat narxlarining keskin oshib ketishidan chuqur xavotir bildirdi.

Vladimir Putin Afrika davlatlari taklif qilgan tinchlik rejasini hurmat qilishini va uni sinchiklab o‘rganishini aytdi. U, shuningdek, Rossiya pozitsiyasini yana bir bor ta’kidladi, unga ko‘ra, Moskva Ukraina bilan muzokaralarga tayyor, ammo Kiyev ularni rad etyapti.

Mavzuga oid
Top