Jahon | 11:41 / 02.08.2023
7484
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi har ikkinchi elektromobil Xitoyda ishlatilyapti

Xitoy elektromobillar bozorida hukmronlik qilmoqda va uning yetakchiligi tobora kengayib bormoqda.

Foto: Reuters

Dunyodagi barcha elektrdvigatelli va gibrid avtomobillarning yarmidan ko‘pi Xitoyda ishlatilyapti. Bu haqda 2 avgust, chorshanbaga o‘tar kechasi Shtutgart tadqiqot instituti ZSW ma’lumotlariga tayanib, dpa agentligi xabar berdi. Unga ko‘ra, 2023 yil boshiga kelib Xitoy yo‘llarida 14,6 million elektromobil harakatlangan bo‘lsa, bu ularning dunyodagi umumiy sonining 53 foizini, ya’ni 27,7 million donani tashkil etadi. 

Ikkinchi o‘rinda 3,4 million elektromobil ro‘yxatga olingan AQSh joylashgan. Uchinchi o‘rinda 1,9 million dona shunday mashinalar mavjud bo‘lgan Germaniya. Fransiya va Buyuk Britaniya mos ravishda 1,1 million va 1 million elektromobil bilan to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarda. 

Xitoy, ZSW ma’lumotlariga ko‘ra, nafaqat elektromobillar bozorida hukmronlik qilyapti, balki uning boshqa mamlakatlardan o‘zib ketishi tobora ortib bormoqda. «Agar Germaniya 2030 yilga borib ko‘chalarga 15 million elektromobillarni chiqarish bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishmoqchi bo‘lsa, u holda har yili 2022 yildagidan ikki baravar ko‘p avtomashinalarni ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak», dedi institut matbuot kotibi Andreas Pyuttner. 

Mavzuga oid