09:17 / 10.08.2023
12229

Kim Chen In harbiy tayyorgarlikni kuchaytirishga chaqirdi

Shimoliy Koreyada Koreya xalq armiyasi bosh shtabi boshlig‘i almashtirildi. Shimoliy Koreya rahbari «harbiy sanoatning barcha korxonalarini turli qurol va jihozlarni ommaviy ishlab chiqarishni tezlashtirishga» chaqirdi.

Foto: AP

Vitse-marshal Li Yon Gil Pak Su Ir o‘rniga Koreya xalq armiyasi bosh shtabi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda 10 avgust, payshanba kuni Koreya markaziy telegraf agentligi (KMTA, KCNA) ma’lum qildi.

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In «hujumkorona» harbiy tayyorgarlikni kuchaytirishga chaqirdi, deb xabar beradi AFP. 

KMTA ma’lumotlariga ko‘ra, Koreya Mehnat partiyasi Markaziy harbiy qo‘mitasining 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi kun tartibida «to‘liq harbiy tayyorgarlik», jumladan, «zarba berishning yanada kuchli vositalari bilan ta’minlash» masalasi bo‘lgan. 

«Qurollarni seriyali ishlab chiqarishni tezlashtirish» 

Kim Chen In «harbiy sanoatning barcha korxonalarini har xil turdagi qurol va jihozlarni seriyali ishlab chiqarishni tezlashtirishga» chaqirdi, deya xabar beradi KMTA. «Shuningdek, u eng so‘nggi rusumdagi qurol va texnikalardan samarali foydalanish maqsadida real harbiy mashg‘ulotlarni faol o‘tkazishga chaqirdi», — deyiladi xabarda. 

Yig‘ilishda, shuningdek, 9 sentabr kuni Shimoliy Koreya tashkil topganining 75 yilligi sharafiga o‘tkaziladigan keng ko‘lamli paradga tayyorgarlik ko‘rish masalasi ham muhokama qilindi. 

Iyul oyi oxirida Koreyada urush tugaganining 70 yilligi munosabati bilan keng ko‘lamli bayram tadbirlari tufayli Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Pxenyanga tashrif buyurdi. Koreyashunos va Seuldagi Kunmin universitetining yetakchi tadqiqotchisi Fyodor Tertitskiy DW nashriga tomonlar Moskvaga 152 millimetrlik snaryadlarni yetkazib berishni muhokama qilgan bo‘lishi mumkinligini tasdiqladi. 

Mavzuga oid
Top