Jahon | 19:05 / 15.08.2023
5001
2 daqiqa o‘qiladi

Yong‘indan keyin Havayidagi elektr kompaniyasi aksiyalari «quladi»

Foto: New York Times

AQShning Havayi shtatida sodir bo‘lgan halokatli yong‘in 100 dan ortiq odamlarning hayotiga zomin bo‘ldi. 850 gektardan ortiq maydon yonib ketishiga sabab bo‘lgan yong‘in jiddiy o‘rganilmoqda.

Ekspertlar shtatdagi eng yirik elektrokompaniya bo‘lmish Hawaiian Electric'ni yong‘in ishi doirasida surishtiradigan bo‘ldi. Ko‘pchilik yong‘in bunchalik keng hududga tarqalib ketganida aynan ushbu kompaniyani ayblay boshladi.

Kompaniya o‘rmon yong‘inlari vaqtida qanchalik to‘g‘ri harakat qilgani ko‘pchilikda savol tug‘dirmoqda. Laxaynalik ko‘plab fuqarolar Hawaiian Electric ustidan sudga murojaat qilgan. Advokatlar kompaniya o‘rnatgan elektrojihozlar kuchli shamollarga dosh beradigan darajada mustahkam bo‘lmaganini iddao qilmoqda. Shuningdek, ularning fikricha, kuchli shamol vaqtida elektr ta’minotini o‘chirmagani ham kompaniyaning aybi bo‘lgan.

Kaliforniyada oxirgi 20 yilda sodir bo‘lgan ofatlarni o‘rgangan ekspertlar ham Hawaiian Electric faoliyatida kamchiliklar borligini aniqlagan. Reuters'ga ko‘ra, ushbu ayblovlar fonida Hawaiian Electric aksiyalari 40 foizga arzonlab, oxirgi 13 yildagi minimum qiymatgacha tushgan. Hozirda energokompaniyaning bir dona qimmatli qog‘ozi 18,70 dollarga baholanmoqda va bu 2010 yildan buyon eng arzon narx.

 

Mavzuga oid