12:27 / 28.08.2023
27943

Fantastik kambeklar haftasi. APLda kun o‘yinlari

Angliyada mavsum qizimoqda: «MYu», «Arsenal», «Liverpul» va hatto «Siti» ham qiyinchilikka duch keldi. O‘yinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat.

Foto: IAN MACNICOL/GETTY IMAGES

Bornmut – Tottenhem 0:2
Gollar:
0:1 – 17 Meddison, 0:2 – 63 Kulusevski.
Bornmut – Neto, Aarons, Kelli, Zabarnyy, Kerkez, Kristi (Traore, 60), Rotuell (Kuk, 46), Billing (Mur, 86), Klyuyvert (Entoni, 60), Solanke, Semeno (Bruks, 73).
Tottenhem – Vikario, Porro, Romero, van de Ven, Udodji (Devis, 82), Meddison (Skipp, 73), Bissuma (Lo Chelso, 74), Kulusevski, Sarr (Perishich, 59), Son Hyon Min, Risharlison (Heyberg, 60).
Ogohlantirishlar: Kelli (45), Bissuma (53), Risharlison (54), Perishich (71).

Harri Keyn ketganidan keyin ko‘pchilik «Tottenhem»ning imkoniyatlarini past baholayotgandi, ammo «shporlar» hozircha buning aksini ko‘rsatmoqda. Mavsum startida «Brentford»ga qarshi qiyin safar o‘yinidan ochko olib qaytgan londonliklar ikkinchi turda «MYu»ni mag‘lub etishdi, endi esa «Bornmut»ga ham safar o‘yinida hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Dastlab Saar raqib jarima maydoniga yorib kirgan Medisonni ajoyib pas bilan ta’minladi va yangi jamoasining ilk o‘yinlaridayoq asosiy futbolchiga aylangan angliyalik futbolchi hisobni ochdi, ikkinchi bo‘limda esa jamoaning yangi yetakchilaridan biri Udodji bir hujum davomida ikki bor maydon tashqarisiga chiqib ketayotgan to‘pga osonlik bilan yetib oldi va uch himoyachini dog‘da qoldirgan holda darvozabon hududida ochilgan Kulushevskini golli pas bilan ta’minladi. Natijada mag‘lubiyatsiz davom etayotgan «Tottenhem» uchinchi  turdan keyin turnir jadvali yetakchilari safida.

Arsenal – Fulhem 2:2
Gollar:
0:1 – 1 Pereyra, 1:1 – 70, penalti Saka, 2:1 – 72 Nketia, 2:2 – 87 Palinya.
Arsenal – Remsdeyl, Uayt, Saliba, Kiver, Edegor (Jorjino, 84), Rays (Gabriel Jyezus, 90), Haverts (Fabiu Viyeyra, 56), Parti (Zinchenko, 56), Saka, Trossard (Nketia, 46), Martinelli.
Fulhem – Leno, Tete, Diop, Bassi, Robinson, Pereyra (Kerni, 63), Lukich (Rid, 70), Palinya, Uilson (Traore, 71), Dekordova-Rid (Adarabioyo, 89), Ximenes.
Chetlatish: Bassi (83).

«Kanonirlar» ilk daqiqadayoq raqibga gol sovg‘a qilishdi. Avvaliga Saka ortga bergan pasga Andreas Pereyra egalik qilib, u qadar xavfli bo‘lmagan zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi, bu holatda oldinga chiqib ketgan Ramsdeyl ortga qaytishda toyib ketdi. Mezbonlar birinchi bo‘limda munosib javob bera olishmadi. Aniqrog‘i, barcha hujumlar «Fulhem» mudofaasi tomonidan qaytarildi, Edegorning goli esa ofsayd tufayli bekor qilindi.

«Arsenal»ning sobiq darvozaboni Leno darvozasini faqat ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushgan Viyeyraga qo‘pollik uchun belgilangan penaltidan ishg‘ol etishning imkoni topildi. Bu vaziyatda nuqtaga yaqinlashgan Saka amalda o‘z xatosini yuvdi. Hisob tenglashganidan keyin qizil-oqlar kurajni ushlashdi va Fabiu Viyeyra Nketiaga ideal pas berdi. Bu vaqtda mehmonlar hakamga norozilik bildirishdi, u Bassi gazonda yotganiga qaramay o‘yinni davom ettirishga ruxsat bergandi. Ammo bahslashishdan naf bo‘lmadi, Bassi esa o‘yin oxirigacha maydonda qola olmadi, darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib ketishi mumkin bo‘lgan Nketiani so‘nggi umid folini ishlatgan holda to‘xtatgan himoyachiga ikkinchi sariq kartochka ko‘rsatildi.

Vitse-chempionlar maydonida ikki daqiqa ichida o‘tkazib yuborilgan ikki gol va chetlatish — kafolatlangan hukmdek ko‘ringandi. Ammo «Fulhem» barchani hayron qoldira oldi. Burchak zarbasi ijro etilganida bo‘sh qoldirilgan Joau Palini hisobni tenglashtirdi, qo‘shimcha daqiqalarda esa, «Arsenal» to‘liq jamoa bo‘lib mehmonlar jarima maydonini qamal qilgan mahalda qarshi hujumga chiqib ketgan Adama Traore faqat Ramsdeylning qahramonligi tufayli g‘alaba golini ura olmadi. Natijada Mikel Arteta jamoasi turnir jadvali peshqamiga aylanish imkoniyatini yo‘qotdi.

MYu – Nottinghem Forest 3:2
Gollar:
0:1 – 2 Avoniyi, 0:2 – 4 Boli, 1:2 – 17 Eriksen, 2:2 – 52 Kazemiro, 3:2 – 76, penalti Brunu Fernandesh.
MYu – Onana, Uan-Bissaka, Varan (Lindelef, 46), Martines, Diogu Dalot, Eriksen, Kazemiro, Brunu Fernandesh, Antoni (Maktominey, 85), Marsiyal (Sancho, 60), Reshford.
Nottinghem Forest – Terner, Ore, Boli, Makkenna (Niakate, 57), Uorrell, Ayna, Yyeyts, Gibbs-Uayt, Danilo (Elanga, 81), Djonson (Kuyate, 70), Avoniyi (Vud, 81).
Chetlatish: Uorrell (67).

Shu kuni boshqa bir favorit ham o‘yin startida shok holatini boshdan kechirdi, «MYu» to‘rt daqiqa ichida o‘z darvozasidan ikki gol olib chiqdi! Hisobni ochuvchi gol muallifi Avoniyi «Nottinghem»ning APLda qatorasiga yetti o‘yinda gol urgan ilk futbolchisi bo‘ldi. Ammo hisob 0:2 holatida «o‘rmonchilar» kutilganidek asosiy e’tiborni mudofaaga qaratishdi, lekin Eriksen Reshfordning uzatmasini darvoza to‘riga yo‘naltirishiga qarshilik ko‘rsata olishmadi.

Bu epizodda Markus golli uzatmalar soni bo‘yicha (38) Krishtianu Ronalduga yetib oldi, daniyalik yarimhimoyachining APLdagi gollari soni esa «Tottenhem»dagi sobiq jamoadoshi Beylnikidan (54) ko‘proq. Ammo asosiysi — «qizil iblislar» ikkinchi bo‘limda tashkillashtirilgan kambek uchun poydevor qo‘yishdi. Brunu Fernandesh avvaliga bosh bilan darvozabon qarshisida turgan Kazemiroga pas berdi, keyin esa Reshford ishlagan penaltini aniq ijro etdi.

Bu ikki epizod oralig‘ida arbitr «so‘nggi umid foli» uchun Uorrallni maydondan chetlatdi. Ssenariy «Arsenal» o‘yinidagiga o‘xshab ketardi, ammo Erik ten Hag jamoasi raqobatchisining xatosini takrorlamadi. Bunda yaqin burchakka yo‘llangan o‘ta xavfli zarbani qaytargan Onananing ham xizmati bo‘ldi. Mikel Arteta jamoasi avvaliga «Tottenhem»ni quvib o‘ta olmagandi, keyin Braytonda g‘alabaga erishgan «Vest Hem»ni oldinga o‘tkazib yubordi, yakshanba kungi o‘yinlardan keyin («Manchester Siti» va «Liverpul»ning o‘yinlari) to‘rtlikni ham tark etdi.

Sheffild Yunayted — Manchester Siti 1:2
Gollar:
Bogl (85) — Holand (63), Rodri (88). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Holand (37). 
Sheffild Yunayted – Foderingem, Boldok (Bogl, 71), Robinson, Igan, Axmedhojich, Osborn (Larusi, 17), Norvud (Bashem, 80), Hamer, Vinisius, Traore, Osula (Makberni, 71).
Manchester Siti – Ederson, Uoker, Ake, Diash, Gvardiol, Kovachich (Foden, 86), Grilish, Silva, Rodri, Holand, Alvares.
Ogohlantirishlar: Boldok (45), Osula (59), Vinisius (77), Igan (83).

«MYu» va «Arsenal» ortidan «Manchester Siti» ham bu tur o‘yinida qiyinchilikka duch keldi, lekin birinchi bo‘limda Holand penaltini aniq ijro etganida Sheffilddagi o‘yinda barchasi oson kechishi ham mumkin edi. Norvegiyalik hujumchi ikkinchi bo‘limda o‘yindan gol urdi, ammo uning birgina goli muvaffaqiyat uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin edi.

Chempionshipdan qaytgan «Sheffild Yunayted» javob golini urishdi va «shaharliklar»ni so‘nggi daqiqalarda Rodrining kerakli vaqtda kerakli joyda paydo bo‘lishi ochko yo‘qotishdan qutqarib qoldi. Ispaniyalik yarimhimoyachi ba’zida istalgan masofadan turib darvozani aniq nishonga oladigandek tuyuladi, bu safar esa jarima maydoni ichidan turib kuchli zarba yo‘lladi. Darvozabonda bu zarbani qaytarish uchun hech qanday imkon yo‘q edi va «Siti» endi yakkapeshqadamga aylandi.

Bu mavsumda faqat amaldagi chempionlar ochko yo‘qotmasdan davom etmoqda, Xosep Gvardiola esa APLdagi g‘alabalari sonini 200 taga yetkazdi. Bu natija uchun unga 269 o‘yin yetarli bo‘ldi, oldingi rekordchi Aleks Fergyusonga esa 322 o‘yin talab etilgandi.

Klopp jamoasida tur g‘alabasi, ammo unga savollar ko‘p

Nyukasl — Liverpul 1:2
Gollar:
Gordon (25) — Nunes (81, 90+3).
Nyukasl – Poup, Tripper, Sher, Botman (Targett, 87), Bern, Bruno Gimaraes, Tonali (Longstaff, 72), Almiron, Joelinton (Anderson, 82), Gordon (Barns, 72), Isak (Uilson, 72).
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold, Matip (Kuansa, 77), van Deyk, Roberson, Endo (Elliott, 58), Soboslai, Mak Allister (Nunes, 77), Saloh, Dias (Gomes, 33), Gakpo (Jota, 58).
Ogohlantirishlar: Aleksander-Arnold (6), Trippiyer (51), Nunes (85).
Chetlatish: van Deyk (28).

APLning uchinchi turida «Liverpul» «Nyukasl»ga mehmon bo‘lib bordi. Bugungi ekzotik reallik tufayli o‘yin oldidan favorit kimligini aniq aytish qiyin edi: Saudiya Arabistoni investitsiyalari tufayli «qarg‘alar» o‘tgan mavsumda «Liverpul»ni top-4 dan chiqarib yubordi va Chempionlar ligasida mersisaydliklar o‘rnini egalladi.

Qizillar esa, aksincha, 2022/23 yillar kampaniyasini kutilganidan ancha yomon o‘tkazishdi. Yurgen Klopp jamoasi tarkibni yangilash bilan andarmon bo‘ldi va kadrlar muammosiga uchradi — faqat bahordagi g‘alabali seriya «Liverpul»ga asosiy yevrokubokda ishtirok etuvchi o‘rinlarga yaqinlashish imkonini berdi, ammo jamoa to‘rtlikka kirishga ulgurmadi.

Mersisaydliklarning bu yozgi transferlar oynasidagi seleksiyasi ham ko‘plab savollar tug‘dirmoqda. Yozning ilk oyidayoq Dominik Soboslai va Aleksis Makallister safga qo‘shib olingandi, ammo keyin klubni besh nafar yarimhimoyachi tark etdi, jumladan Fabinio va Jordan Henderson ham, ularsiz jamoada yoshi 18 dan katta bo‘lgan birorta nominal tayanch yarimhimoyachisi qolmadi.

Klub asosiy transfer nishonlarini sharmandali tarzda «Chelsi»ga boy berdi — Klopp matbuot vakillariga «Liverpul» Moyses Kaysedo transferi bo‘yicha «Brayton» bilan kelishib olganini aytgandi, ammo ekvadorlik tayanch yarimhimoyachisi mersisaydliklar safiga o‘tishdan bosh tortdi. Qizillarning unga muqobil varianti «Sauthempton» a’zosi Romeo Laviya edi, ammo u ham Londonga yo‘l oldi.

Keyin esa «Liverpul» g‘alati ishga qo‘l urdi — tayanch yarimhimoyachi pozitsiyasini yopish uchun o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra Bundesligani tark etishiga bir baxya qolgan «Shtutgart»dan 30 yoshli yaponiyalik Vataru Endo olib kelindi. «Bornmut»ga qarshi o‘yinda u maydondan chetlatilgan Makallister o‘rnini yopish uchun majburan tushirilgandi, «qarg‘alar» bilan o‘yinda esa boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi.

«Nyukasl» esa bir tekisda tarkibni kuchaytirishda davom etdi. Hujumning chap qanotiga «Lester»dan Harvi Barns keldi, o‘ng qanot himoyasi «Sauthempton»dan sotib olingan Tino Livramento bilan mustahkamlandi, ammo jamoa uchun yozdagi asosiy transfer Sandro Tonali bo‘ldi. Italiya milliy jamoasining 23 yoshli yarimhimoyachisi «qarg‘alar» o‘ziga sarflagan 64 million yevroni birinchi turdanoq oqlashga kirishdi - «Aston Villa»ga qarshi o‘yinda (5:1) bir gol urib, boshqa gollarda ham qatnashdi. U APLdagi uchinchi o‘yinni ham boshlang‘ich tarkibda boshladi. «Nyukasl» «Liverpul»ni 2015 yildan buyon yenga olmayotgandi — bu o‘yin Eddi Hau jamoasi uchun o‘ziga xos chaqiriq edi.

Ilk daqiqalardanoq «Liverpul» o‘z o‘yinini ko‘rsatishga kirishdi, ammo alohida epizodlarda futbolchilar ortiqcha asabiylashishdi. Trent Aleksander-Arnold «Everton» tarbiyalanuvchisi Entoni Gordonning ortdan turtishidan keyin maydon tashqarisiga chiqib ketdi va jahl bilan to‘pni tepib yubordi, buning uchun esa sariq kartochka oldi, keyingi o‘yin epizodida esa maydondan chetlatilishi ham mumkin edi. Himoyachi Gordonning oldinga tashlanishini to‘xtatib qolgani uchun ikkinchi sariq kartochkani olishi kerak edi, ammo «Sent-Jyeyms Park» tribunalaridagi mezbon muxlislarning e’tirozlariga qaramay, bosh hakam og‘zaki ogohlantirish bilan cheklandi — Klopp esa har ehtimolga qarshi Jo Gomesni chigalyozdi mashg‘ulotlari uchun yubordi.

Bu holat butun o‘yinning ohangini belgilab berdi va keyingi daqiqalarda maydonda kombinatsiyali futboldan ko‘ra yakkakurashlar ko‘proq bo‘ldi. Jamoalar to‘p bilan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lar va pressing ostida shoshilmaslikka harakat qilib, to‘pni orqa chiziqqa va hattoki darvozabonga qaytarishni ma’qul ko‘rishardi.

Birinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib ikki klub futbolchilarining darvoza sohasiga aniq yo‘llagan zarbalari soni atigi uchtani tashkil etardi. To‘p hadeganda maydon markazini kesib o‘tavermas, jamoalar baribir to‘pni raqib hududiga yetkaza olganida esa, to‘pga egalik qilayotgan futbolchi sheriklaridan ajralib qolgan bo‘lardi. 24-daqiqada Saloh o‘ng qanotda to‘pni qabul qilib oldi va markazga ko‘chib, uzoq burchakni nishonga oldi, ammo mezbonlar darvozaboni Nik Poup misrlik futbolchining odatiy harakatiga tayyor edi va to‘pni qiyinchiliksiz egallab oldi.

Bir daqiqa o‘tib esa Trentning Gordon bilan qarama-qarshiligi takrorlandi — unda yana «Everton»ning sobiq futbolchisi ustun keldi. Saloh ortga pas uzatdi, Trent esa qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, to‘pni o‘ziga bo‘ysundira olmadi. Entoni to‘pni raqibidan olib ketdi va birga-bir vaziyatdan unumli foydalandi — Alisson to‘pni oyoqlari orasidan o‘tkazdi, mezbonlar hisobda oldinga chiqib olishdi.

Bundan 2 daqiqayu 20 soniya o‘tib Klopp jamoasi yanada og‘ir vaziyatga tushib qoldi. Jamoa sardori Virjiyl van Deyk jarima maydoniga kirish joyida Aleksandr Isakni yiqitdi — arbitr Jon Bruks buni so‘nggi umid foli deb baholab, to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatgan holda niderlandiyalik himoyachini dam olishga jo‘natdi. Qattiq xafa bo‘lgan Virjiyl zaxira arbitri bilan ham janjallashdi va tribunalar ortiga yo‘l oldi. Jo Gomes mashg‘ulotlarni erta boshlagani bejiz emasdi — himoyachi Luis Dias o‘rniga maydonga chiqdi.

Bu voqealardan so‘ng jamoalar o‘yini ochila boshladi: «Liverpul» oldinga tashlanishga majbur edi, ammo bir kishi bo‘lib o‘ynagan «Nyukasl»ning hujumlari keskinroq chiqdi. Burchak zarbasidan keyin to‘p Trentning boshidan Almironga kelib tushdi va u to‘pga to‘xtatmay zarba berdi — Alissonning seyvidan keyin to‘p ustunga borib tegib, darvoza ichiga kirib ketishiga bir baxya qoldi. Bo‘lim oxirida qizillar ikkinchi golni o‘tkazib yubormaslikka harakat qilish bilan mashg‘ul bo‘lishdi.

Tanaffus arafasida «Liverpul» darvozadan 40 metr masofadan jarima zarbasi tepish huquqiga ega bo‘ldi — Soboslai jamoaning ilojsiz holatini yaqqol namoyish etib berib, to‘pni darvoza to‘sini ustidan ancha yuqoridan o‘tkazib tepdi. Bunday masofadan jarima zarbalari ustasi bo‘lgan ushbu vengriyalik futbolchi ham gol urishi deyarli imkonsiz edi. Tanaffusda Klopp o‘zgarishlar qilmaslikka qaror qildi.

Ikkinchi bo‘lim birinchi bo‘lim oxiridagi kabi boshlandi: mezbonlar kutilganidek son jihatdan ustunlikka tayanishdi, mehmonlar ahyon-ahyondagi qarshi hujumlar bilan «Nyukasl» darvozasiga tahdid solishga urinishdi. Ikkinchi bo‘lim boshlanganidan ozroq vaqt o‘tib Yurgen baribir o‘yinchilarni almashtirdi — Endo va Gakpo o‘z o‘rinlarini Xarvi Elliott va Diogu Jotaga bo‘shatib berdi, natijada mersisaydliklarning hujum salohiyati biroz oshdi, ammo kamchilik holatda yangi futbolchilardan ham u qadar foyda bo‘lmadi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib o‘yin tenglashdi. Skauzerlar oldingi chiziqda bo‘sh hududlar topishdi va bir necha xavfli hujumlar uyushtirishdi. Saloh raqib jarima maydonining chap qanotida to‘pni egallab, to‘pni yaqin burchakka yo‘naltirdi, ammo Poup to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yuborishga ulgurdi. Vaqt o‘tgan sari mehmonlarda vaziyatlar ko‘paya bordi. Mezbonlar darvozaboni misrlik futbolchiga uzatilgan pasni egallash uchun jarima maydonini tark etishiga ham to‘g‘ri keldi. Bunga Hau jamoasi Almironning yana bir zarbasi bilan javob qaytardi — mezbonlar qarshi hujumga chiqib ketishdi va paragvaylik futbolchi darvoza ustunini nishonga oldi.

O‘yin yakunlanishiga 15 daqiqa qolganida Yurgen so‘nggi yurishini amalga oshirdi — Darvin Nunes va 20 yoshli Jarell Kvansa maydonga tashlandi, yosh futbolchi uchun bu APLdagi debyutga aylandi. Ikkitalik almashtirishdan ko‘p o‘tmay o‘yin mantig‘iga zid keluvchi epizod ro‘y berdi. Diogu Jota maydon markazida to‘pga ega chiqib, oldinga tashlangan Nunesga pas berdi. To‘pni Fabian Sher to‘xtatib qolishi mumkin edi, ammo himoyachining omadi kelmadi — to‘p orqadan kelib himoyachining bel qismiga tegdi va yo‘nalishini o‘zgartirdi, Darvin esa to‘pni egallab olib, olis burchakni aniq nishonga oldi. Hisob tenglashdi.

Final hushtagi chalinishiga yaqin qolganida ikki jamoa ham g‘alabani ilib ketishga intildi, ammo raqiblar charchab qolgani sezilib turardi: jamoalar o‘z kombinatsiyalarida uch-to‘rt uzatmadan keyin uzoq masofadan zarba berishga tayanishdi — lekin aytarli xavfli vaziyatlar yuzaga kelmadi. Targett, Uilson va Barnsning maydonga tushishi «Nyukasl»ga oldinga harakatlanish uchun qo‘shimcha kuch berdi, ammo yangi futbolchilarda o‘yinga qo‘shilib ketish uchun vaqt yetmadi. Shon Longstaff uzoqdan zarba berdi va yana bir vaziyatda raqib jarima maydonida yaxshi ochildi, ammo Alissonga jiddiy muammo tug‘dira olmadi.

Hakam besh daqiqa qo‘shib berdi va bu vaqtning yarmiga borib dejavyu ro‘y berdi: Nunes ikki himoyachi orasidan o‘tib oldinga tashlandi, maydon markazida to‘pni egallab olgan Saloh esa to‘pni tezlik olgan jamoadoshi yo‘liga tashlab berdi. To‘p himoyachilar orasidan o‘tdi, Darvin esa bundan o‘n daqiqa oldin bo‘lgani kabi to‘pni Poup yonidan yerlatib, yana uzoq burchakka joylab qo‘ydi. Shu kuni Saloh jamoadagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazishi va keyin Saudiya Arabistoniga ketishi haqida ko‘p yozishgandi. Agar chindan ham shunday bo‘lsa, misrlik futbolchi jamoa bilan chiroyli xayrlashdi — u APLda qatorasiga to‘qqizinchi o‘yinda samarali harakat qildi (gol yoki golli pas muallifi bo‘ldi).

«Liverpul» o‘yinning ko‘p qismini bir kishi kam bo‘lib o‘tkazgan holda 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Natijani adolatli deb aytish qiyin: qizillar deyarli butun o‘yin davomida raqib hujumlarini qaytarish bilan shug‘ullanishdi va ikkita vaziyatdan foydalanishdi. «Qarg‘alar» xG bo‘yicha 1,67 ko‘rsatkichini qayd etdi, mehmonlarda esa bu atigi 0,73 ni tashkil etdi. Albatta, Klopp va futbolchilarga endi buning farqi yo‘q: final hushtagi chalinganidan so‘ng ular g‘alabani xuddi sovrin qo‘lga kiritgandek nishonlashdi.

Ammo jamoa xursandchilik qilishiga hali erta. Mersisaydliklar muhim futbolchisini bir necha o‘yinga yo‘qotdi, qizillarning 90 daqiqa davomida ko‘rsatgan futboli esa ko‘plab savollar tug‘diradi. Eddi Hau ham hali ko‘p ish qilishi kerak — «qarg‘alar» yaxshiroq o‘ynashdi, ammo ko‘pchilik holatda raqibni uzil-kesil taslim qilishga erisha olmadi, holbuki ularda buning uchun yetarlicha imkoniyatlar bo‘lgandi.

 

Top