10:33 / 31.08.2023
10794

Toshkentda qayta tiklangan Respublika bolalar kutubxonasi o‘z eshiklarini ochdi

2020 yilda Respublika bolalar kutubxonasini qayta tiklash ishlari boshlangan edi.

Bugun, 31 avgustdan boshlab Respublika bolalar kutubxonasi eshiklari barcha kitobsevar fuqarolar uchun ochildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

“Respublika bolalar kutubxonasi – shahrimiz aholisi uchun eng qadrli va sevimli joylardan biri. Ushbu loyihada yuksak me’morchilik namunasini o‘tgan asr boshida qurilgan ko‘rinishda saqlab qolish biz uchun juda muhim edi”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Ma’lum qilinishicha, bino boy tarixga ega. Turli yillarda bu binoda Toshkent shahar dumasi va Jamoat yig‘ini, 1965 yildan esa mashhur bolalar kutubxonasi faoliyat ko‘rsatgan. 

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

“Afsuski kutubxona ko‘p yillar davomida qarovsiz ahvolda qolgan va u rekonstruksiyaga muhtoj edi. Biz 2020 yilda qayta tiklash ishlarini boshladik va nihoyat vazifa uddalandi!

Bu o‘ziga xos maskanda ko‘plab topilmalarga duch keldik. Masalan, devor suvoqlari ortidan o‘tgan asr o‘rtalarida ishlangan ajoyib devoriy suratlar chiqdi. Natijada – tarix ruhi va zamonaviy muhit bir joyda mujassam bo‘ldi. 

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

O‘z ishining ustalari mehnatini munosib baholaysiz, degan umiddamiz. Bugundan boshlab kutubxonamiz eshiklari barcha kitobsevar yurtdoshlarimiz uchun ochiq!” - deydi O‘zbekiston prezidenti yordamchisi.

1907 yilda qurilgan tarixiy bino restavratsiya qilinib, zamonaviy jihozlandi. Kutubxona o‘zbek va jahon bolalar adabiyotiga oid 180 ming kitob fondiga ega. Tashrif buyuruvchilar maxsus ID-karta oladi. U orqali kitobxonlarni ro‘yxatga olish, kitob olish va topshirish jarayonlari elektron tarzda tashkil etiladi.

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva
Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva
Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva
Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva
Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva
Top