O‘zbekiston | 10:18 / 12.09.2023
8057
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda DXSh loyihalarini ishlab chiqish jamg‘armasi tashkil etildi

Uning asosiy vazifalari sifatida energetika, kommunal xo‘jalik, transport, ekologiya, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ustuvor sohalarda davlat-xususiy sheriklik loyihalari hujjatlarini sifatli ishlab chiqish belgilandi.

Foto: Getty images

Prezident “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari ma’qullandi:

O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish jamg‘armasini tashkil etish va uning asosiy vazifalari sifatida energetika, kommunal xo‘jalik, transport, ekologiya, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ustuvor sohalarda davlat-xususiy sheriklik loyihalari hujjatlarini sifatli ishlab chiqishni belgilash;

davlat-xususiy sheriklik loyihalaridan kelib chiquvchi davlatning to‘g‘ridan to‘g‘ri va shartli majburiyatlarini monitoring qilish, boshqarish va tartibga solish tizimini amaliyotga tatbiq etish;

Davlat budjeti loyihasini shakllantirish va ijrosi bo‘yicha hisobotlarda budjet xarajatlarining barqaror rivojlanish milliy maqsadlariga muvofiqligi va iqlim o‘zgarishiga ta’sirini ko‘rsatib borish (markirovkalash) mexanizmlarini joriy etish.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi:

ikki hafta muddatda xalqaro moliya institutlarini jalb qilgan holda O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish jamg‘armasi faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti qarori loyihasi;

davlat-xususiy sheriklik loyihalaridan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan davlatning majburiyatlarini boshqarish va tartibga solish mexanizmlarini belgilovchi hukumat qarori loyihasi;

2024 yil 1 yanvarga qadar Davlat budjeti xarajatlarining barqaror rivojlanish milliy maqsadlariga muvofiqligi va iqlim o‘zgarishiga ta’sirini ko‘rsatib borish (markirovkalash) mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi kiritilishini ta’minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid