18:25 / 04.10.2023
52259

Chirchiqda yangi qurilgan 9 qavatli “dom” cho‘kib, qiyshayib qoldi

Foydalanishga topshirilganiga 1 yil ham bo‘lmagan mazkur ko‘p qavatli uy “Yangi zamon bino” MChJ tomonidan qurilgan. Bu qurilish firmasining 50 foiz ulushi “O‘zbekiston temiryo‘llari”AJga tegishli. Yana bir ta’sischisining kelib chiqishi “Golden House Development”ga taqaladi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi xulosasiga ko‘ra, bino poydevoriga ko‘p miqdorda yomg‘ir suvlari sizib kirgan.

Kun.uz’ga Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardan birida yashovchi fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Unda foydalanishga topshirilganiga hali ko‘p bo‘lmagan “dom”ning bir tomoni cho‘kib borayotgani aytiladi.

Tahririyatga taqdim etilgan videolavhalarda ham yonma-yon qurilgan uylardan biri “yonboshlab”, yuqori qismi ikkinchisiga tegay deb qolganini ko‘rish mumkin.

Mazkur ko‘p qavatli uydagi xonadonlardan birini subsidiya asosida xarid qilganman. Uy 2022 yil dekabr oyida foydalanishga topshirilgan. Mart oyidan boshlab uy siljishni boshlagandi. Hozirgi kunda bu siljish sezilarli darajada kelib, “dom” qiyshayib qoldi. Yuqori qavatda yashovchi xonadonlarning ta’miri ko‘chib, yaroqsiz holatga kelishni boshlagan”, deya ta’kidlaydi murojaatchilardan biri.

Cho‘kkani aytilayotgan ushbu ko‘p qavatli uy “Yangi zamon bino” MChJ tomonidan qurilgan.

Korxona va tashkilotlar ochiq reyestriga ko‘ra, 2016 yil 14 noyabrda tashkil etilgan, ustav fondi 566 mlrd so‘m bo‘lgan “Yangi zamon bino” MChJga 50 foizlik ulushdan “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ hamda “Unique Trade Business” MChJ egalik qiladi. “Unique Trade Business” MChJning 99 foiz ulushi esa “Golden House Development” MChJga tegishli.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi holat bo‘yicha o‘rganish natijalarini ma’lum qildi.

“Geologik izlanishlar xulosasiga ko‘ra, ushbu binoda “Cho‘kuvchan va o‘ta cho‘kuvchan gruntli hududlarda quriladigan bino va inshootlar” to‘g‘risidagi shaharsozlik norma va qoidalarining 9-bandi talablariga muvofiq qurilish ishlari bajarilgan. Biroq 2022 yil bahor-kuz mavsumidagi yog‘ingarchiliklar tufayli ko‘p miqdordagi yomg‘ir suvlari irrigatsiya tizimlarisiz muntazam ravishda bino poydevoriga sizib kirgan va bino atrofiga yig‘ilib qolgan. Natijada bino ostining asos qismi suvga to‘yinib, binoning vertikal seysmik choklari loyihaviy holatidan ko‘chgan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur holatni bartaraf etish bo‘yicha “Qishloqqurilishloyiha” instituti tomonidan 2023 yil 14 fevralda “Yangi zamon bino” MChJ bosh direktoriga bino ostiga suv ketishining oldini olish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berilgan va geodeziya hamda muhandislik izlanishlari olib borilgan. Uylar poydevori asosining cho‘kishi va uning namlanishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar loyihasi ishlab chiqilgan va bajarish uchun topshirilgan bo‘lsa-da, pudratchi tomonidan hech qanday chora ko‘rilmagan.

Mazkur uylar dinamikasining salbiy tomonga o‘zgargani sababli quruvchi tashkilot yuzaga kelgan masalalarni bartaraf qilish bo‘yicha loyiha yechimlari va chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishni so‘rab, “Qishloqqurilishloyiha” tashkilotiga murojaat qilgan va institut tomonidan tegishli loyihaviy yechimlar ishlab chiqilgan.

Taqdim etilgan loyihaviy yechimlarga asosan pudratchi tomonidan zudlik bilan quyidagi ishlar amalga oshirilishi kerak:

ShNQ 2.02.01-98 ning “Bino va inshootlar asoslari” me’yorining 2.68, 2.69 va 3.13 bandlari talablariga asosan har 300 mm.da qatlam-qatlam gruntning mustahkamligi 1.65t/m3 ga yetgunga qadar shibbalab qayta ko‘mish ishlarini bajarish, ShNQ 2.01.09-97ning “Cho‘kuvchan va o‘ta cho‘kuvchan gruntli hududlarda quriladigan bino va inshootlar” 9-bandi talablariga muvofiq bino perimetri bo‘ylab eni 2 000 mm va tarkibida nometall armaturasi bo‘lgan, qalinligi 100 mm beton yo‘lak (otmostka) ishlarini bajarish talab etiladi.

Mahalliy hokimiyat vakillari hududda bajarilgan obodonlashtirish va irrigatsiya tizimlariga oid ishlarni hudud bosh rejasiga asosan qayta ko‘rib chiqishi va yog‘ingarchilik boshlanishidan oldin bajarishi lozim”, deyiladi vazirlik xulosasida.

Foto: Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi
Foto: Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi
Foto: Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi

Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur binolar qurilishiga mas’ullar hamda soha ekspertlari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda mavjud holatni bartaraf etish yuzasidan qo‘shimcha takliflar bildirilgan. Ular orasida eng maqbullari saralanib, 10 kun muddatda amaliy choralarni ko‘rish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Top