20:51 / 25.10.2023
9055

Vengriya Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lishga majbur emas – Borrel 

Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Yevropa Ittifoqiga a’zolikni sovet davri istilosi bilan taqqoslagan Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanga javob qaytardi. 

Foto: Reuters

Vengriya Yevropa Ittifoqi oldidagi majburiyatlarini «okkupatsiya» deb hisoblasa, unga a’zo bo‘lishga majbur emas, dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel. 

U Vengriya sovet istilosi, «okkupatsiya» nima ekani haqida ko‘p narsa bilishini ta’kidladi. 1956 yilda sovet qo‘shinlari tomonidan Vengriya qo‘zg‘oloni bostirilganini esladi. Biroq, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban «Yevropa Ittifoqini sovet istilosi bilan taqqoslaganida» nimani nazarda tutayotganini tushunmasligini aytdi. 

«To‘g‘risini aytsam, Budapeshtning sovetlar tomonidan bosib olinishi bilan Berlyamonda (Yevropa Komissiyasining qarorgohi, Bryusselda joylashgan) sodir bo‘layotgan voqealar o‘rtasida hech qanday o‘xshashlik ko‘rmayapman. Men Berlyamonda birorta tankni ko‘rmadim. Hech kim Vengriyani Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga majburlamaydi. Bu erkin tanlov», dedi Borrell. 

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban 23 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqiga a’zolikni sovet istilosi bilan taqqosladi. Uning ta’kidlashicha, sovet davrida respublika «Moskva hushtak chalayotgan ohangda raqsga tushishga» majbur edi. Hozir esa «Bryussel ham hushtak chaladi, lekin biz o‘zimiz xohlagandek raqsga tushamiz, xohlamasak, raqsga tushmaymiz». 

«Shukrki, bir paytlar fojia bo‘lgan voqea hozir eng yaxshi holatda komediyaga aylandi. Yaxshiyamki, Bryussel Moskva emas. Moskva fojia edi. Bryussel shunchaki yomon zamonaviy parodiya», dedi Orban. 

Viktor Orban bir necha bor Yevropa Ittifoqini tanqid qilgan, yevropalik siyosatchilar uni so‘z erkinligini bostirishda, ko‘ppartiyaviylik tizimi va sud mustaqilligiga putur yetkazishda ayblashadi. Orbanning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlaridagi inqiroz 2015 yilda Riga sammitida yuzaga kelgan edi. Shunda Yevropa Komissiyasi rahbari Jan-Klod Yunker Orbanni «Salom, diktator!» degan ibora bilan kutib oldi va hazillashib unga yengil shapaloq urdi.

Top