20:47 / 30.10.2023
4958

O‘zbekistonda 3 yil ichida 2 mingdan ortiq kishi ota-onalik huquqidan mahrum qilindi

Ularning mutlaq katta qismi – 86 foizi ota-onalik majburiyatlarini bajarmagani aytildi.

Foto: Getty Images

«Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. 

Unda qayd qilinishicha, O‘zbekistonda 3 yil ichida 2 mingdan ortiq kishi ota-onalik huquqidan mahrum qilingan. Bu haqda adliya vaziri o‘rinbosari Sherzod Rabbiyev ma’lumot berdi. 

«O‘zbekistonda so‘nggi 3 yilda 2 mingdan ortiq kishi ota-onalik huquqidan mahrum qilingan. Ularning mutlaq katta qismi – 86 foizida ota-onalik majburiyatlarini bajarmaganlik, 14 foizi esa bolalarini tashlab ketganligi, ularga jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazganligi, ichkilikbozlik va giyohvandlik moddalariga berilishi yoki bolasi yoki eri (xotini) hayoti-sog‘ligiga qasddan jinoyat sodir etish sabab bo‘lgan», dedi u. 

12 oktyabr kuni «Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Loyiha Adliya vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va UNICEF hamkorligida ishlab chiqilgan.

Hujjatda bolalarga nisbatan zo‘ravonliklarning turlari – jismoniy zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik, ruhiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling kabilarga ta’rif berilgan. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarini sodir etish taqiqlanishi hamda qonunga binoan ta’qib qilinishi belgilab qo‘yilgan. 

Jamoatchilik muhokamasi 27 oktyabr kuni yakunlandi. Endi qonun loyihasi parlament tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Top