20:44 / 02.11.2023
10471

Qozog‘iston Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston suv masalasida kelishib oldi

2024 yil 1 aprelga qadar Qozog‘istonning Chordara suv omboriga 11,1 kub km suv quyilishi prognoz qilinmoqda. O‘zbekistonga oid raqamlar ma’lum emas.

Foto: Kun.uz

Qozog‘iston uch davlat bilan suv bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Qozog‘iston Suv xo‘jaligi va irrigatsiya vazirligiga tayanib Tengrinews xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Toshkentda Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv komissiyasi yig‘ilishida Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Sirdaryo va Amudaryo havzalaridagi suv omborlari kaskadining prognoz rejimi to‘g‘risidagi bayonnomani imzolagan, shuningdek, daryolardan suv olish limiti tasdiqlangan.

«2024 yil 1 aprelga qadar Qozog‘istonning Chordara suv omboriga 11,1 kub kilometr suv quyilishi prognoz qilinmoqda, «Do‘stlik» davlatlararo kanali orqali kutilayotgan suv olish hajmi esa 487 million kub metrni tashkil etadi. Bu Qozog‘istonning Turkiston va Qizilo‘rda viloyatlarida 2024 yilgi vegetatsiya davri uchun zarur bo‘lgan suv hajmini to‘plash hamda Orol dengiziga 1,6 milliard kub metr suv yetkazish imkonini beradi», deyiladi xabarda.

Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv komissiyasining Toshkentdagi yig‘ilishi haqida O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirligi ham xabar berdi. Biroq, hech qanday raqamlarni keltirmadi.

«Yig‘ilishda mintaqada mavjud suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, Orolbo‘yi hududida suv va ekologik vaziyatni yaxshilash, 2023-2024 yillar kuzgi-qishki mavsum uchun suv olish bo‘yicha prognoz limitlar bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi hamda hisobotlar eshitildi. Komissiya a’zolari davlatlarning Amudaryo va Sirdaryo havzasi bo‘yicha 2023-2024 yillar kuzgi-qishki mavsum uchun suv olish bo‘yicha prognoz limitini tasdiqladilar», deyiladi xabarda.

Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi 2024 yil yanvar oyida Qozog‘istonda o‘tkaziladi.

Top