«Tomoshaga tushgan», «o‘quv dasturining bir qismi» - Buxoroda supurgi yasashga chiqarilgan talabalar bo‘yicha ikki xil izoh berildi
Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti yotoqxonasi talabalari supurgi yasash jarayonida qatnashayotgani videosi tarqaldi. Institut rektori talabalar tomoshaga tushganini aytdi. OTM matbuot xizmati vakili buni o‘quv dasturining bir qismi dedi. Biroq u o‘zi aytgan dasturni taqdim qila olmadi.
Kun.uz ixtiyoriga Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti talabalari dalada ishlayotgani aks etgan video kelib tushdi. Unda bir guruh talaba yigitlarning daladan supurgi poyalarini olib, bir-biriga mahkamlayotgani ko‘rinadi. Ismi sir saqlanishini istagan talabaning ma’lumot berishicha, tasvirda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti gidromelioratsiya fakultetining 3-son talabalar turar joyida yashaydigan talabalar bo‘lgan. Ularga yotoqxona yonidagi yerga chiqib ishlash topshirig‘i berilgan. Bundan bosh tortgan talabalar esa yotoqxonadan chetlashtirilishi mumkinligi aytilgan.
Kun.uz holatga oydinlik kiritish uchun dastlab institut rektori Shavkat Imomov bilan suhbatlashdi. Uning ta’kidlashicha, bu yerga talabalar majburan olib kelinmagan. Faqat yotoqxonada yashaydigan talabalar o‘zlari xohishi bilan jarayonni ko‘rishga tushishgan.
“Talabalar tomoshaga tushgan. Bu majburiy mehnat emas. Videoda ko‘ringani sho‘r yerning sho‘rini qochirish maqsadida ekilgan supurgi bo‘lgan. Supurgi sho‘r yerda eksak qanaqa bo‘ladi, shuni aniqlash maqsadida ekilgan. Shuni talabalar kuzatayotgan bo‘lgan”, – deb javob berdi Imomov.
Ammo institut matbuot xizmati vakili Suxrob O‘lmasov boshqacha ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, videodagi joy tajriba dala maydoni hisoblanadi. U yerda qancha mahsulot ekib, undan qancha mahsulot olishni o‘lchash maqsadida talabalar to‘plangan.
“Talabalar o‘quv dasturining ma’lum bir qismi amaliyot bo‘lgani uchun bu yerda talabalar amaliyot darslarini o‘tayotgan bo‘lgan”, – deydi matbuot xizmati vakili.
Kun.uz muxbiri mas’ul vakildan shu amaliyotni o‘tgan o‘qituvchi bilan bog‘lab berish va dalaga chiqib ishlash ko‘rsatilgan dasturni so‘radi. Biroq matbuot xizmati o‘zi aytgan ma’lumotlarni tahririyatga taqdim qilmadi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hozircha holatga munosabat bildirgani yo‘q.
O‘zbekistonda fuqaroni majburiy mehnatga jalb qilishga barham berish haqidagi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori borligiga qaramay, majburiy mehnatga jalb qilish holatlari haliyam uchrab turibdi. Yaqinda Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Abdug‘aniyevning tibbiyot xodimlarini 2 kunlik hasharga qatnashishi shartligi haqidagi audiosi tarqalgan edi. Garchi bu holatni viloyat hokimligi majburiy mehnat emas deb talqin qilgan bo‘lsa-da, ko‘chada tozalik qilish tibbiyot xodimining vazifasiga kiradi deyish uchun ham asos ko‘rsatilgani yo‘q.
Tegishli hujjat bo‘yicha bunday holatlarga birinchi bo‘lib Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Adliya vazirligi munosabat bildirishi, holatga huquqiy baho berishi kerak.
Shuningdek, fuqarolarni majburiy jamoat ishlariga noqonuniy jalb qilish yoki har qanday shakldagi majburiy mehnatdan foydalanishda aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirish ham yuqorida nomlari sanalgan tashkilotlar vazifasiga kiradi.
Mavzuga oid
20:42 / 21.12.2024
Talabalar uchun kontrakt pulini to‘lash muddati uzaytirildi
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
20:30 / 13.12.2024
“Chegirma bor, chipta yo‘q” - talabalar poyezdlarga chegirmali chiptalar qolmaganidan norozi
20:19 / 10.12.2024