22:22 / 14.11.2023
8196

Qozog‘istonda harbiy xizmatning yangi turi joriy qilinishi mumkin 

Mamlakat 2025 yildan zaxiradagi harbiy xizmatni joriy etmoqchi. 

Foto: Tengrinews

Qozog‘iston parlamenti quyi palatasi deputatlari 2025 yildan zaxiradagi harbiy xizmatni joriy qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqadi. U umumiy «trevoga» sharoitida chaqiruv komissiyalarisiz harbiylarni safarbar qilishga ruxsat berishni nazarda tutadi. 

Ishchi guruh rahbari, deputat Yermurat Bapi so‘zlariga ko‘ra, ushbu yangilik qisqa vaqt ichida Qozog‘iston qurolli kuchlarini qo‘shimcha kadrlar bilan ta’minlaydi. 

«Zaxiradagi xizmat harbiy xizmatning yangi turi hisoblanadi. Zaxiradagi xizmat orqali Qozog‘iston ixtiyoriy ravishda xizmat qilish istagini bildirgan fuqarolarni armiyaga yollashi mumkin. Zaxira xizmati joriy etilishi bilan uzoq safarbarlik jarayoniga ehtiyoj qolmaydi. Bundan tashqari, ushbu xizmatning joriy etilishi bizga zarur bo‘lgan harbiy mutaxassisliklar bo‘yicha zaxira qo‘shinlarini tayyorlash imkonini beradi va mavjud qismlarning jangovar tayyorgarligini oshiradi. Zaxiraga ixtiyoriy asosda qabul qilinadi. Har bir fuqaro bilan uch yilga shartnoma tuziladi. Ammo umuman olganda, zaxirachilar faqat urush boshlangan taqdirda qo‘shimcha jangovar birlik ekanini tushunish kerak», dedi deputat. 

Uning ta’kidlashicha, qonun loyihasi harbiy xizmatga harbiy qo‘mitalar orqali emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri safarbar qilish imkonini beradi. Harbiy xizmatchilar «trevoga» e’lon qilingan kun, urush yoki boshqa xavf-xatarlar sharoitida o‘zi tayyorgarlikdan o‘tgan qismga tezkor kelishi mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top