07:34 / 16.11.2023
10555

AQShda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar soni rekord darajaga yetdi

AQShda ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 1000 nafardan oshgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 72,6 foizga o‘sgan.

Foto: Getty images

AQShda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar soni ming nafardan oshdi.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xabariga ko‘ra, xalqaro ta’lim almashinuvi bo‘yicha 2023 yilgi “Ochiq eshiklar” (Open doors) hisobotiga ko‘ra, 2022-2023-o‘quv yilida AQShda ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 1000 nafardan oshgan. Bu o‘ziga xos yangi rekord bo‘lib, ko‘rsatkich o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 72,6 foizga o‘sgan.

2021-2022-o‘quv yilida 631 nafar o‘zbekistonlik talaba AQSh oliy ta’lim muassasalarida tahsil olgan bo‘lsa, 2022-2023-o‘quv yiliga kelib, u yerda o‘qiyotgan o‘zbekistonliklar soni 1089 nafarni tashkil etgan.

Ularning 57,2 foizi bakalavriat bosqichiga qabul qilingan, 29,9 foizi magistratura bosqichida o‘qigan, 7,9 foizi fakultativ amaliy mashg‘ulotlarda qatnashgan, 5 foizi esa ingliz tili yoki boshqa qisqa muddatli ta’lim dasturlariga o‘qishga kirgan.

O‘tgan o‘quv yilida AQShdagi xalqaro talabalar soni 1 milliondan oshib, o‘tgan yilga nisbatan 14 foizga o‘sgan va yangi yuqori ko‘rsatkich 1 057 188 talabani tashkil etgan.

Mavzuga oid
Top