18:58 / 25.11.2023
8232

Avtomobil shinalari uchun utilizatsiya yig‘imi qanday to‘lanishi haqida tushuntirish berildi

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, mazkur yig‘imni xaridorlar to‘lamaydi, balki shina ishlab chiqaruvchilar yoki chetdan import qilayotganlar to‘laydi.

Foto: Getty images

Avtomobil shinalari uchun utilizatsiya yig‘imini xaridorlar to‘lamaydi, balki shina ishlab chiqaruvchilar yoki chetdan import qilayotganlar to‘laydi. Bu haqda Adliya vazirligi tushuntirish berdi.

Qayd qilinishicha, 2024-2026 yillar uchun mo‘ljallangan Budjetnomada 2024 yil 1 iyuldan avtomobil shinalarining har bir kilogrami uchun BHM 0,3 foizi (hozirgi vaqtda 990 so‘m) miqdorida utilizatsiya yig‘imini undirish taklif etilmoqda.

Masalan, 4 ta shinaning (balon) vazni o‘rtacha 6 kg dan 17 kg gacha bo‘lsa, ular uchun 6200 so‘mdan 16200 so‘mgacha yig‘im undiriladi. Mazkur yig‘im xaridorlardan undirilmaydi, uni shina ishlab chiqaruvchilar yoki chetdan import qilayotganlar to‘laydi. Shuningdek, yig‘im bir marta to‘lanadi, ya’ni har yili undirilmaydi.

Fuqarolar avtomobil sotib olib uning balonlarini istalgan o‘lchamdagi boshqasiga almashtirmoqchi bo‘lganida ham utilizatsiya yig‘imi to‘lamaydi.

Utilizatsiya yig‘imidan tushgan pullar «Yashil makon» dasturlarini amalga oshirish uchun sarflanadi.

Top