22:09 / 02.12.2023
15220

Filippin qirg‘oqlarida kuchli zilzila sodir bo‘ldi

Filippin janubida, shuningdek, Yaponiya, Indoneziya, Palau va Malayziyaning ayrim hududlarida sunami bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: GNN Media

Filippin janubidagi Mindanao oroli qirg‘oqlarida 7,6 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi, deb xabar berdi AP.

Zilzila mahalliy vaqt bilan soat 22:37 da (Toshkent vaqti bilan 19:37) taxminan 32 km chuqurlikda sodir bo‘lgan.

Tinch okeanidagi sunami xavfidan ogohlantirish markazi zilzila kuchi va joylashuvi tufayli Filippin janubida, shuningdek, Yaponiya, Indoneziya, Palau va Malayziyaning ayrim hududlarida sunami kutilishi mumkinligini ma’lum qilmoqda.

Filippin vulqonologiya va seysmologiya instituti janubiy qirg‘oq aholisini zudlik bilan evakuatsiya qilishni tavsiya etdi. G‘arb ommaviy axborot vositalari yaqin soatlarda sohilda sunami to‘lqinlarining paydo bo‘lish xavfi saqlanib qolishini ta’kidlamoqda.

Hozircha kuchli to‘lqinlar, jarohatlar yoki infratuzilmaga zarar yetganligi haqida xabarlar yo‘q.

 

Top