09:57 / 06.12.2023
3488

AQSh Rossiya va Belarusga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi

Rossiya, Belarus va boshqa mamlakatlardan yana 13 jismoniy shaxs va 20 kompaniya AQSh Moliya vazirligining qora ro‘yxatiga kiritildi.

Foto: Stefani Reynolds/AFP

AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Rossiya va Belarusga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini yana 13 nafar jismoniy va 20 yuridik shaxs hisobiga to‘ldirdi. Bu haqda Amerika idorasi sayti 5 dekabr, seshanba kuni xabar berdi.

Cheklovlarga Rossiya va Belarus fuqarolari, shuningdek Belgiya, Niderlandiya va Shvetsiya fuqarolari duchor bo‘lgan. Qora ro‘yxatga Moliya vazirligi «Aleksandr Lukashenkoning hamyonlari» deb ataydigan belaruslik tadbirkorlar Aleksandr Shakutin, Pavel Topuzidis va Viktor Petrovich ham kirdi. Cheklovlar Belarus Qizil Xoch tashkiloti bosh kotibi Dmitriy Shevsovga ham ta’sir qildi. Moliya vazirligi uni ukrainalik bolalarni Kiyev nazorat qilmaydigan hududlardan deportatsiya qilishda ishtirok etgan deb hisoblaydi. 

Bundan tashqari, ro‘yxatda asli permlik, Shvetsiya fuqaroligiga ega Sergey Skvorsov ham bor. Xuddi shu ism va familiyali odam Shvetsiyada Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib sudlangan, ammo oqlanib chiqqan. 

AQSh sanksiyalariga duchor bo‘lgan kompaniyalar orasida Rossiya mudofaa sanoati bilan bog‘liq Belarus korxonalari, shuningdek, Kipr, Belgiya, Niderlandiya va Xitoy tuzilmalari bor. 

Sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi Qo‘shma Shtatlardagi aktivlarni muzlatish hamda Amerika fuqarolari va kompaniyalariga bu shaxslar bilan biznes yuritishni taqiqlashni nazarda tutadi. 

Top