08:52 / 25.12.2023
5047

Serbiya poytaxtida - saylovlar soxtalashtirilishiga qarshi yangi aksiyalar

Serbiya parlamentiga saylovlarda prezident Vuchichning o‘ng qanot populistik bloki g‘alaba qozondi. Kuzatuvchilar qonunbuzilish holatlari haqida gapiryapti. Muxolifat norozilik namoyishlarini o‘tkazmoqda.

Foto: Alexander Dzyuba/TASS/dpa/picture alliance

Serbiya poytaxtida 24 dekabr, yakshanba kuni kechki payt parlament va mahalliy saylovlarda soxtalashtirishlar sodir etilganiga qarshi yana ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Minglab odamlar Belgrad ko‘chalariga chiqdi, deya ta’kidlaydi Reuters. Namoyishchilarning ba’zilari mamlakat prezidenti Aleksandr Vuchichga ishora qilib, «Vuchich - o‘g‘ri» deb hayqirgan.

Yuzlab namoyishchilar shahar ma’muriyati binosiga kirishga harakat qildi, ba’zilari derazalarni sindira boshlagan. Politsiya namoyishchilarni to‘xtatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Xabar e’lon qilingan vaqtda qo‘lga olinganlar va qurbonlar haqida ma’lumot berilmagan. 

Prezidentning hukmron bloki g‘alabasi

Serbiyada saylovlar 17 dekabr kuni bo‘lib o‘tdi. Dastlabki rasmiy natijalarga ko‘ra, prezident Vuchichning hukmron o‘ng qanot populist Serbiya progressiv partiyasi (SNS) Xalq assambleyasiga (bir palatali parlament) saylovlarda 46,72 foiz ovoz oldi. «Serbiya zo‘ravonlikka qarshi» muxolifat guruhi 23,56 foiz ovoz to‘plagan. 

Ertasi kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Ittifoqi parlamenti va Yevropa kengashi vakillaridan iborat xalqaro kuzatuvchilar missiyasi saylov uchastkalarida qator qonunbuzarliklar, xususan, zo‘ravonlik, ovozlarni sotib olish va soxta saylov byulletenlarini tashlash holatlari haqida xabar berdi. Vuchich soxtalashtirish bo‘yicha ayblovlarni rad etyapti. 

18 dekabr kuni kechqurun Belgradda serb muxolifatining minglab tarafdorlari soxtalashtirishlarga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazdi. Sotsial-demokratik erkinlik va adolat partiyasi vitse-prezidenti Marinika Tepich Belgraddagi saylov natijalari bekor qilinmaguncha muddatsiz ochlik e’lon qildi. 

Mavzuga oid
Top