12:02 / 28.12.2023
4919

«Yevroning otasi» sifatida tanilgan siyosatchi Jak Delor vafot etdi

Jak Delor yagona Yevropa bozorini yaratish, Shengen kelishuvlarini imzolash va yagona Yevropa valutasini joriy etishga tayyorgarlik ko‘rishda muhim rol o‘ynab, «yevroning otasi» sifatida tanilgandi.

Foto: Flickr

Fransiyada siyosatchi va iqtisodchi, Yevrokomissiya sobiq raisi, «yevroning otasi» sifatida tanilgan Jak Delor 98 yoshida vafot etdi. Delorning o‘limi haqida 27 dekabr, chorshanba kuni uning qizi Martin Obri xabar berdi. Jak Delor keyinchalik Yevropa komissiyasi nomini olgan Yevropa hamjamiyatlari komissiyasini 1985 yilda boshqara boshlagan va bu lavozimni uch muddat - 1995 yilgacha egallab kelgan.

Uning rahbarligida Yevropa integratsiyasining yangi bosqichi boshlandi. 1985 yilda Shengen shartnomasi imzolandi, Delor tomonidan ishlab chiqilgan dastur Yevropa Ittifoqining yagona ichki bozorini yaratish va yagona Yevropa valutasi - yevroni joriy etish uchun asos yaratdi. 

Yevropa siyosatchilari: Delor - yangi Yevropaning me’mori 

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Jak Delorning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirib, Delorni «Yevropamizning me’mori» va «inson adolati uchun kurashuvchi shaxs» deb atadi. 

Yevropa komissiyasi amaldagi raisi Ursula fon der Lyayyen o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida: «Delor Yevropamizni yanada kuchliroq qilgan shaxs edi», deb yozdi. 

Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel Delorni «buyuk fransuz va buyuk yevropalik» deb atadi, u «Yevropa quruvchilaridan biri sifatida tarixga kirdi».

Germaniya kansleri Olaf Sholsning aytishicha, Delor «Yevropani birlashtirish tarafdori bo‘lgan». «U bugungi kunda biz bilgan Yevropa Ittifoqining me’moriga aylandi», deb ta’kidladi Shols.

Mavzuga oid
Top