19:30 / 12.01.2024
6168

Iste’molchilarning ichimlik suv to‘lovidan qarzi trillion so‘mga yaqinlashdi 

Shuningdek, ichimlik va oqova suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish oqibatida davlatga 80,6 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan. 

Foto: UNIAN

Iste’molchilarning ichimlik suv to‘lovidan qarzi 938,7 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Shundan 757,3 milliard so‘m aholi, 181,4 milliard so‘m yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda «O‘zsuvta’minot» AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ma’lumot berdi. 

Ta’kidlanishicha, shu kunga qadar qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha sudlarga jami 33,4 mingta da’vo arizasi kiritilgan. Shu bilan birga, sud qarori qabul qilingan 16,2 ming ijro varaqasi Majburiy ijro byurosiga taqdim etilib, 4,7 mingtasi bo‘yicha 16,2 milliard so‘mlik mablag‘ undirilgan. 

Qayd etilishicha, iste’molchilar ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmati uchun har oyning 10-sanasiga qadar oldindan 100 foiz haq to‘lashi lozim. 

Shuningdek, «O‘zsuvta’minot» AJ va hududiy korxonalari tomonidan o‘tgan davr mobaynida 76 mingga yaqin reyd tadbiri o‘tkazilgan. Ushbu reydlar davomida ichimlik va oqova suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish bo‘yicha 12,7 mingta qoidabuzarlik aniqlangan bo‘lib, jami 80,6 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan. 

8,7 ming holatda iste’molchilar tomonidan suv o‘lchagichdan foydalanish qoidalariga rioya qilinmagan bo‘lib, 34,9 milliard so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, aniqlangan qoidabuzarliklarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgan, 5,2 ming iste’molchi tegishli tartibda tarmoqdan uzilgan.

Top