20:08 / 21.01.2024
28071

Afg‘onistonda biznes-jyet halokati: to‘rt kishi omon qolgan

Hozircha omon qolganlardan ikki nafarining shaxsi ma’lum - ular uchuvchi va evakuatsiya shifokori, yana ikki kishining taqdiri noma’lum qolmoqda.

Foto: AFP

Afg‘onistonda bortida rossiyaliklar bo‘lgan Falcon 10 biznes-jyeti halokatidan to‘rt kishi omon qolgan, deb xabar bermoqda Rosaviatsiya va Rossiyaning Kobuldagi elchixonasi.

Gaya (Hindiston) — Toshkent — Jukovskiy yo‘nalishi bo‘yicha charter sanitar reysni amalga oshirayotgan samolyot yakshanbaga o‘tar kechasi Afg‘oniston shimoli-sharqida radarlar ekranidan g‘oyib bo‘lgan, tongda uni qidirish ishlari boshlangandi.

Mahalliy politsiyachilardan biri Reuters bilan suhbatda Badaxshon viloyati hududidagi aviahalokat to‘g‘risida xabar Shimoliy Afg‘oniston politsiyasiga kelib tushganini tasdiqlagan.

OAV ma’lumotiga ko‘ra, samolyot kursdan og‘ib ketgan va Zebak uyezdida tog‘ga urilgan — bu Tojikiston bilan chegaradan taxminan 30-40 kilometr, Badaxshon viloyati markazi Fayzobod shahridan esa 100 km masofada ro‘y bergan. Halokatdan oldin uchuvchi texnik nosozlik haqida xabar bergan.

Rosaviatsiya ma’lumotiga ko‘ra, quruqlikdagi qidiruv-qutqaruv xizmati samolyotni topgan — bortda bo‘lgan olti kishidan to‘rt nafari turli jarohatlar bilan topilgan, yana ikki kishining taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.

Reuters agentligi afg‘onistonlik mulozimlarga asoslanib xabar berishicha, ikki kishi halokat qurboni bo‘lgan. Ammo hozircha bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.

TASS nashri yozishicha, omon qolganlar borligi haqidagi ma’lumot Afg‘oniston transport va aviatsiya vazirligi tomonidan tasdiqlangan. «Qidiruv-qutqaruv guruhi kecha kechqurun radarlardan yo‘qolgan samolyotni topdi, to‘rt kishi, jumladan pilot tirik qolgan», — deyilgan vazirlik bayonotida.

Mash manbasi esa Falcon 10 halokatidan omon qolganlardan biri tibbiyot xodimi Igor Sivorotkin ekanini ma’lum qildi. Telegram-kanal uning onasi bilan bog‘langan va ayol o‘g‘li halokatdan keyin qo‘ng‘iroq qilganini aytgan. Uning rafiqasi Veronika esa Igor Sivorotkin bemor Anna Yevsyukovaning olib kelish uchun Pattayyaga xizmat safari bilan ketgan bo‘lganini tasdiqlagan.

Afghanistan International xabariga ko‘ra, omon qolganlardan biri yaqin qishloqqacha yetib borgan va imo-ishoralar orqali odamlarga samolyot halokati haqida xabar berib, yordam so‘ragan.

Qishloq aholisi vakillari uni «Tolibon» harakatiga topshirgan. Ayni vaqtda mamlakatni nazorat qilayotgan harakat rasmiylari omon qolganlar ularda ekanini tasdiqlagan.

Samolyot noqulay ob-havo sharoiti hukm surayotgan chekka hududda qulagan, tuman markazidan halokat joyiga qadar masofa piyoda bir necha soatda bosib o‘tiladi.

Bungacha Rossiya matbuoti samolyot Tailanddan uchgani va volgodonsklik biznesmen Anatoliy Yevsyukovning rafiqasining tibbiy evakuatsiyasini amalga oshirish uchun jalb etilgani haqida xabar tarqatgandi.

Katta ehtimol bilan, aynan er-xotin halokat qurboniga aylangan.

TASS nashri operativ xizmatlarga tayanib yozishicha, halokatga ikki dvigatel ishdan chiqqani sabab bo‘lishi mumkin.

Axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, samolyot Tailanddan Moskaga ketayotgan bo‘lgan va Hindistonda yonilg‘i to‘ldirish uchun to‘xtagan.

Telegram-kanallarda yo‘qolgan samolyot ekipaji va yo‘lovchilari ro‘yxati tarqalgan, undagi barcha familiyalar ruslarniki.

Samolyot «Atletik Grupp» MChJ va xususiy shaxsga tegishli bo‘lgan. Rosaviatsiya tasdiqlashicha, u RF fuqarolik havo kemalari reyestrida RA-09011 raqam bilan ro‘yxatdan o‘tgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi bortida rossiyaliklar bo‘lgan samolyot halokati fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Top