11:40 / 24.01.2024
2010

Duda yana Polshaning sobiq vaziri va uning o‘rinbosarini afv etdi

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining sobiq rahbari va uning o‘rinbosari 2007 yilda Duda ularni afv etgan ish bo‘yicha ikki yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Foto: Picture Alliance

Polsha prezidenti Anjyey Duda 23 yanvar, seshanba kuni 2007 yildagi ish bo‘yicha qamoq jazosiga hukm qilingan ikki sobiq «Qonun va adolat» (QvA) partiyasidan deputatni afv etdi. Gap yanvar oyi boshida prezident saroyida hibsga olingan Polshaning sobiq ichki ishlar vaziri, Markaziy aksilkorrupsiya byurosi sobiq rahbari Mariush Kaminskiy va uning o‘rinbosari Matsey Vonsik haqida ketmoqda.

Kaminskiy va Vonsikka chiqarilgan hukm 

Kaminskiy va Vonsik ishi 2007 yildan beri davom etib kelmoqda, o‘shanda korrupsiyaga qarshi kurash agentligi atrofida mojaro chiqqan. Birinchi instansiya sudi ayblov hukmi chiqardi va 2015 yilda QvA hokimiyatga kelganidan so‘ng, prezident Duda ikkala siyosatchini ham afv etdi. 

2022 yil iyun oyida Polsha oliy sudi afvni bekor qildi hamda Kaminskiy va Vonsik ustidan sud jarayoni davom ettirildi. 2023 yil dekabr oyi oxirida Varshava okrug sudi ikkalasini ham korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha markaziy byuroda poraxo‘rlik bo‘yicha ish yuritish vaqtida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilganlikda aybdor deb topdi va har birini ikki yildan qamoq jazosiga hukm qildi. Siyosatchilar joriy yilning 9 yanvarida Varshavadagi prezident saroyida qo‘lga olingan, chunki ularning jazo muddati o‘sha kuni rasman boshlandi. Anjyey Duda afv etish haqidagi qaror o‘z kuchida qolishini aytdi. 

Kaminskiy «siyosiy qasos harakati» deb hisoblagan hukmga norozilik uchun qamoqxonada ochlik e’lon qildi. O‘tgan hafta Duda Polshaning sobiq ichki ishlar vaziriga sud tomonidan qamoqxonada majburan ovqatlantirish buyurilgani haqida xabar berdi. Dudaning ta’kidlashicha, u Kaminskiy va Vonsikni siyosiy mahbuslar deb biladi, ularni jinoiy javobgarlikka tortish noqonuniy, chunki ular halol davlat xizmatchilari bo‘lgan va «korrupsiyaga qarshi shafqatsiz kurashgan». 

Top