Jahon | 18:48 / 07.02.2024
9326
2 daqiqa o‘qiladi

Milliarder va Chili sobiq prezidenti Sebastyan Pinera vertolyot halokatida vafot etdi

Uning islohotlari iqtisodiy o‘sishni oshirishga yordam bergan va 19 millionlik mamlakatni gullab-yashnashiga sabab bo‘lgan edi. 

Foto: Fly New

Chili sobiq prezidenti Sebastyan Pinera mamlakat janubidagi Los-Rios hududidagi Ranko ko‘liga vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘ldi. 

Vertolyot bortida to‘rt kishi bo‘lgan: Pineraning o‘zi va uning qarindoshlari. Halokatdan so‘ng yo‘lovchilar qirg‘oqqa chiqishga muvaffaq bo‘lishgan, biroq vertolyotni boshqarayotgan sobiq prezident xavfsizlik kamarini yecha olmay, cho‘kib ketgan. Qutqaruvchilar uning jasadini taxminan 40 metr chuqurlikdan topdi. 

Hodisa sabablari hozircha noma’lum. Qayd qilinishicha, vertolyot havoga ko‘tarilganidan bir necha daqiqa o‘tib halokatga uchragan. Aytishlaricha, bu vaqtda yomg‘ir yog‘ayotgan bo‘lgan. 

Chili prezidenti Gabriel Borich mamlakatda uch kunlik milliy motam e’lon qildi. 

74 yoshli Sebastyan Pinera biznesmen va investor bo‘lib, ikki muddat Chili prezidenti lavozimida ishlagan: 2010 yildan 2014 yilgacha va 2018 yildan 2022 yilgacha. 

Konservativ Pinera biznesni qo‘llab-quvvatlovchi siyosatchi edi. Uning islohoti iqtisodiy o‘sishni oshirishga yordam berdi va 19 millionlik mamlakatni Lotin Amerikasidagi «jozibali voha»ga aylantirdi. 

Pinera o‘zining birinchi boyligini 1980-yillarning boshida diktatura davrida Chilida kredit kartalarini joriy etish orqali qo‘lga kiritdi. Keyinchalik u bu mablag‘larni ko‘chmas mulk, bank, energetika va tog‘-kon sanoati kabi ko‘plab kompaniyalarga sarmoya kiritish uchun ishlatgan. U telekompaniyaga, shuningdek, aviakompaniya va professional futbol klubining yirik aksiyalariga ega edi. Keyin u o‘z boyligini avval senator, keyin esa prezident sifatida siyosatga kirish uchun sarfladi. 

Pineradan 1973 yilda turmush qurgan rafiqasi Sesiliya Morel va to‘rt farzandi qoldi.

Mavzuga oid