17:05 / 26.03.2024
7103

AQSh rasmiylari: Millionlab amerikaliklar xitoylik hakerlar hujumiga uchragan

AQSh huquqni muhofaza qilish organlari yetti nafar Xitoy fuqarosini 14 yil davom etgan kiberhujum kampaniyasini amalga oshirishda ayblayapti. Rasmiylar buni Xitoy hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan “global xakerlik operatsiyasi” deb atamoqda. Avvalroq Buyuk Britaniya va Yangi Zelandiya ham Xitoy tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kiberjinoyatchilar haqida xabar bergandi.

Foto: AP

Millionlab amerikaliklarning onlayn hisoblari xitoylik hakerlarning kiberhujumiga uchragan. Bu haqda AQSh Adliya vazirligi va Federal qidiruv byurosi xabar berdi.

Hozirda 7 nafar Xitoy fuqarosi 14 yil davom etgan kiberhujum kampaniyasiga aloqadorlikda ayblanmoqda. AQSh Davlat departamenti ushbu shaxslar haqidagi ma’lumot uchun 10 million dollar miqdorida mukofot e’lon qildi.

AQSh Adliya vazirliga ko‘ra, kiberjinoyatchilar nafaqat amerikaliklarni, balki boshqa biznesmenlar va siyosatchilarni ham nishonga olgan. Ular tomonidan yuborilgan 10 mingdan ortiq "zararli elektron pochta xabarlari” turli hududlardagi minglab insonlarga ta’sir qilgan. AQSh Adliya vazirligi buni Xitoy hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan “global xakerlik operatsiyasi” deya ta’riflagan.

“Bugungi e’lon Xitoyning milliy kiberxavfsizligimizga tahdid qilish va innovatsiyalarimizni nishonga olishga qaratilgan davomli va shafqatsiz harakatlarini fosh qildi”, – deydi FQB direktori Kristofer Rey.

Mazkur ayblovlar Buyuk Britaniya hukumati Xitoyni mamlakat Saylov komissiyasi va siyosatchilarini nishonga olgan “zararli kiber kampaniyalar” uchun javobgar ekanlikda ayblaganidan keyin paydo bo‘ldi. Xitoyning Londondagi elchixonasi ayblovni “uydirma va g‘arazli tuhmat” deb atagan.

Yangi Zelandiya hukumati ham mamlakat parlamenti Xitoy tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kiberjinoyatchilar nishoniga aylanganini ma’lum qilgan.

AQSh prokurorlari kiberhujumlar natijasida ish hujjatlari, shaxsiy elektron pochtalar, onlayn saqlanadigan ma’lumotlar va telefon qo‘ng‘iroqlari yozuvlarining buzilishi yuz berganini aytishmoqda.

Kiberhujumga uchragan shaxslarga mashhur yangilik agentliklari yoki jurnalistlardan xatlar kelgan. Ularga yashirin kuzatuv havolalari joylashtirilgan bo‘lgan. Ushbu havolaga kirgan odamlarning ma’lumotlari, jumladan joylashuvi va IP manzillari yettita ayblanuvchi tomonidan boshqariladigan serverga yuborilgan.

“Bu ma’lumotlar keyinchalik boshqa maqsadli hujumlar, xususan, qabul qiluvchilarning uy routerlari va boshqa elektron qurilmalarini buzish uchun ishlatilgan”, deydi AQSh prokurorlari.

Top