19:12 / 12.04.2024
3499

Isroildagi o‘zbekistonliklardan yashash manzilini zaruratsiz tark etmaslik so‘raldi

O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi mintaqadagi vaziyat tufayli Isroil hududida bo‘lib turgan fuqarolarga murojaat bilan chiqdi.

Foto: Google maps

Elchixona ulardan ehtiyotkorlik va xavfsizlik chora-tadbirlarini ko‘rishni so‘radi hamda doimiy ravishda hushyorlik zarurligini eslatdi.

“Ushbu ziddiyatli kunlarda shaxsiy xavfsizlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan holatlar oldini olish uchun zaruratsiz yashab turgan joyingizni tark etmaslikni tavsiya qilamiz”, deyiladi xabarda.

Elchixona konsullik bo‘limi ishonch telefonlari: 03-672-2466, 03-672-2371, 03-758-5075, 03-758-5076.

Favqulodda holatlarda va shoshilinch xabarlar uchun: 972 54 485 1397.

1 aprel kuni Suriya poytaxti Damashqdagi Eron konsulligi yaqinida amalga oshirilgan havo hujumida 16 kishi halok bo‘ldi. Ular orasida Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining ikki generali Muhammad Rizo Zohidiy va Muhammad Hodi Xoja Rahimiy ham bor. Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon Tehron zarba uchun Isroilni javobgar deb hisoblashini bildirib, voqeani «barcha xalqaro konvensiyalarni buzish» deb atadi. 

7 aprel kuni Ummonga tashrifi chog‘ida Eron tashqi ishlar vazirligi rahbari Vashingtonga maktub yo‘llab, unda konsullikka qilingan hujumga javob muqarrarligini ta’kidladi. Uning ma’lum qilishicha, Tehron bunga «mintaqaviy vositachilar»ni jalb qilishni rejalashtirmoqda, shu bilan birga, javob choralari «nazorat qilinadi» va mintaqada keskinlashuvga olib kelmaydi.

Mavzu
Eron-Isroil urushi
14 aprelga o‘tar kechasi Eron dronlari va qanotli raketalari Isroil tomon yo‘l oldi. Bu so‘nggi haftalardagi keskinlik kuchayishi bo‘ldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top