09:39 / 17.04.2024
3595

FT: «Rayffayzenbank» RFda yuzlab yangi xodimlarni qidirmoqda

«Rayffayzenbank» «Rayffayzenbank Rossiya»ning guruhdan dekonsolidatsiyasiga olib keladigan potensial bitim, sotish yoki ajralib chiqish ustida ishlamoqda», deya xabar berdi bank.

Foto: Maksim Konstantinov/Russian Look/picture alliance

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan so‘ng, Avstriyaning «Rayffayzenbank»i boshqa ko‘plab g‘arb kompaniyalari misolida Rossiya bozorini tark etish niyatini e’lon qildi. Biroq, buning o‘rniga, bank Rossiya Federatsiyasida o‘z faoliyatini kengaytirayotgan ko‘rinadi. Financial Times gazetasi 16 aprel, seshanba kungi nashrida shunday xulosaga keldi. 

Jurnalistlar Rossiyada «Rayffayzenbank» tomonidan 2023 yil dekabridan beri chop etilgan 2400 ta ish o‘rinlari haqidagi e’lonlarni aniqladi. Deyarli 1500 ta taklif, maqolada ko‘rsatilganidek, savdo menejerlari va mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari bilan bog‘liq. Bankning Rossiyadagi o‘rta biznesga xizmat ko‘rsatuvchi bo‘limi tomonidan e’lon qilingan xabarlardan birida aytilishicha, bank «asosiy maqsadlari o‘zining faol mijozlar bazasini qayta kengaytirish va daromadlarning ikki raqamli o‘sishini ta’minlashdan iborat». Boshqa xabarda kompaniya ish haqi xizmatlari sohasida «korporativ mijozlar bazasini faol ravishda kengaytirayotgani» ta’kidlanadi. 

Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan ikki yil o‘tib, ilgari bozorni tark etish niyatini e’lon qilgan «Rayffayzenbank» «Rossiyadagi eng yirik operatsiyalarga ega» g‘arb kredit muassasasiga aylandi, deb yozadi FT. Bugun u AQSh Moliya vazirligining diqqat markazida va Yevropa Markaziy banki Rossiyadan aktivlarini olib chiqishni talab qilib, unga bosim o‘tkazmoqda, deya eslatadi jurnalistlar.

«Rayffayzenbank» RFdagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan bog‘liq tekshiruvni boshladi 

Gazeta izoh olish uchun bog‘langan «Rayffayzenbank» rasmiylari FT xulosalari bank bosh direktori Yoxann Shtroblga «zudlik bilan tekshiruv o‘tkazish»ga turtki berganini aytdi.

«Rossiya biznesining qisqarishi 2024 yilda ham davom etadi. «Rayffayzen» «Rayffayzenbank Rossiya»ning guruhdan dekonsolidatsiyalanishiga olib keladigan potensial bitim, sotish yoki ajralib chiqish ustida ishlashda davom etadi», - deya bank bayonotidan iqtibos keltiradi nashr. Shu bilan birga, «Rayffayzenbank» ta’kidlaganidek, «bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi e’lonlar RBI (Raiffeisen Bank International) tomonidan Rossiya biznesini qisqartirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni aks ettirmaydi va Rossiya biznesi uchun kelajakdagi rejalarga mos kelmaydi». 

O‘z navbatida, Avstriyadagi «Rayffayzenbank»ning yuqori lavozimli direktori Rossiyada bo‘sh ish o‘rinlari reklamasi «juda noqulay» ekanligini hamda uni olib tashlash yoki qayta yozish talablari bilan bog‘liq vahima reaksiyasini keltirib chiqarganini ma’lum qildi. 

Bank rahbariyatining so‘zlariga ko‘ra, u qiyin vaziyatda, chunki Rossiyada olingan foyda keyingi investitsiyalar (repatriatsiya) uchun chet elga qaytarilishi mumkin emas va Rossiya Federatsiyasida biznesni sotish bo‘yicha har qanday operatsiyani amalga oshirish uchun Kreml roziligi talab qilinadi. Shu bilan birga, bank Rossiyaning urush davridagi iqtisodiyotini ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatlamasdan, xaridorni jalb qilish uchun Rossiyadagi o‘z biznesini davom ettirishi kerak, deya qo‘shimcha qildi bank.

Top