Iqtisodiyot | 11:19 / 16.05.2024
6098
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda aholi tomonidan sezilgan inflatsiya 17,4 foizga yetdi

Aprel oyida O‘zbekistonda aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi 13,7 foizni tashkil etdi. Bu rasmiy yillik inflatsiyadan 5,6 foizga yuqori. Dorilar va tibbiy xizmatlar narxi oshganini his qilgan respondentlar ulushi keskin ko‘paygan.  

Markaziy bank aprel oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi 13,7 foizni tashkil qilgan. Hududlar kesimida inflatsiyaning eng yuqori darajasi Toshkent shahri – 17,4 foiz va Namangan viloyatida – 15 foiz, eng past darajasi esa Qoraqalpog‘istonda – 9,9 foiz va Jizzax viloyatida – 10,9 foiz sezilgan. 

So‘rovnomada qatnashganlarning katta qismi benzin va yoqilg‘i hamda dorilar va tibbiy xizmatlar narxi yuqori darajada o‘sganligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 1 apreldan tibbiy xizmatlar va dori vositalari uchun berilgan QQS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilingandi.

Daromadlari 5 mln so‘m va undan yuqori bo‘lgan aholi sezgan inflatsiya darajasi respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori darajada shakllangan. Xususan, 15 mln so‘mdan ko‘p daromad egalari sezgan inflatsiya 17,7 foizni tashkil qilgan. Daromadi 2 mln so‘mgacha bo‘lgan respondentlarga esa inflatsiya nisbatan kamroq sezilgan – 12,9 foiz.

Toshkent shahrida 21 foiz va undan yuqori inflatsiya sezayotganlar ulushi 33 foizga, Namangan viloyatida esa 25 foizga yetgan.

Avvalroq, aprelda iste’mol sektoridagi narxlarning yillik o‘sish darajasi 8,1 foizni tashkil etgani xabar qilingandi. O‘tgan oyda sezilgan va rasmiy inflatsiya o‘rtasidagi farq 5,6 foiz bo‘lgan.

Mavzuga oid