20:34 / 24.05.2024
5184

24 mayning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Harvarddagi ilk o‘zbek fan doktori, Putinning tashrifi, Rossiyada halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar - O‘zbekistonda 24 may kuni yuz bergan muhim va shov-shuvli voqea-hodisalar hamda yangiliklar sharhi bilan tanishtiramiz.

Harvardagi ilk o‘zbek fan doktori

Dasturimizni xushxabar bilan boshlaymiz. AQShning Harvardda universitetida doktorlik dissertatsiyasi yoqlagan ilk o‘zbekistonlik olim — iqtisodchi Botir Qobilov bo‘ldi.

Iqtisodchi Botir Qobilov avvalroq AQShning Dyuk universitetida iqtisodiyot magistri darajasini olgan. U Uzbekonomics Telegram-kanali muallifi, shu nomdagi podkastlar hammuallifi hisoblanadi.

Qobilov jamoatchilik faoli sifatida qator mavzularda o‘z mulohazalarini bildirib keladi. Jumladan Kun.uz sayti orqali ham chiqishlar qilib turadi. 

Putinning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin 26–27 may kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu Putinning yangi muddatga saylanganidan so‘ng Xitoy va Belarusdan keyingi uchinchi xorijiy safari bo‘ladi.

Tashrif davomida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida bir nechta hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan.

21 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rossiyalik hamkasbi bilan telefon orqali muloqot qilgan edi. Unda Putinning O‘zbekistonga kutilayotgan davlat tashrifi ham muhokama qilingan. 

Rossiyada O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘ldi

Rossiyaning Moskva oblastida yuz bergan yong‘inda O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘ldi.

Istra tumani Padikovo qishlog‘ida yonib ketgan hostelda 20 ga yaqin xorijlik fuqarolar yashagan, ulardan 11 nafari o‘zbekistonlik bo‘lgan. Yong‘in oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan, hozirda ularning shaxsi aniqlanmoqda.

Halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham borligi aytilmoqda.

Vaziyat O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi nazoratida ekani xabar qilinmoqda. 

O‘g‘il bolalar ko‘proq tug‘ilmoqda

O‘zbekistonda 2024 yilning yanvar-aprel oylarida tirik tug‘ilgan chaqaloqlar soni 274,5 ming nafarni tashkil etgan.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, jami tirik tug‘ilgan chaqaloqlarning jinsi bo‘yicha taqsimlanishi quyidagicha:

o‘g‘il bolalar − 142,4 ming nafar;

qiz bolalar − 132,1 ming nafar.

Ya’ni 2024 yilning dastlabki 4 oyida o‘g‘il bolalar qizaloqlarga nisbatan 10 mingdan ko‘proq tug‘ilgan.

2024 yilning yanvar-fevral oylarida respublika bo‘yicha 3208 marta egizak chaqaloqlar tug‘ilgani qayd etilgan. 

Mehnat migratsiyasi uchun imkoniyatlar

Xorijiy kompaniyalar o‘zbekistonlik ishchilarni kafolatlangan ish o‘rinlariga jalb qilishi davom etmoqda. Masalan, Latviya o‘zbekistonlik yuk mashinalari haydovchilarini ishga olishni rejalashtirmoqda.

Latviyaning Kreiss transport-logistika kompaniyasi rahbari Dmitriy Chebayevskiy bilan O‘zbekistonning Latviyadagi elchisi Timur Rahmonov uchrashgan.

Tomonlar transport va logistika sohasida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish, kadrlar tanlash, haydovchilarni tayyorlash va mamlakatimizda ixtisoslashtirilgan o‘quv markazlarini tashkil etish masalalarini muhokama qilishgan. Kreiss kompaniyasi o‘zbekistonlik yuk mashinalari haydovchilarini tashkillashtirilgan holda ishga jalb etishga qiziqish bildirgan.

Rossiyaning Novosibirsk shahridagi non va non mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Vosxod" aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston fuqarolarini qonuniy tarzda ishga taklif etmoqchi.

Rossiyadagi konsulxonamiz xodimlari va kompaniya vakillari uchrashuvida mazkur tashkilotning xorijiy ishchilar bilan ishlash tajribasi, tashkiliy tarzda bo‘sh ish o‘rinlariga O‘zbekiston fuqarolarini jalb qilish masalasi bo‘yicha fikr almashilgan.

Rossiya tomoni jalb etilgan ishchilar rasmiy tarzda yollanishi, ularning ovqat va yashash xarajatlari qoplanishi, tibbiy ko‘rikdan o‘tish va oylik maoshlar haqida batafsil aytib o‘tdi. 

Kasb-hunarga nemischa o‘qitish

O‘zbekistonda kasb-hunarga o‘qitishning Germaniya modeli joriy etilishi mumkin. Germaniya yuk mashinasi haydovchisi, hamshiralik, sanoat va gastronomiya kabi sohalar uchun xorijdan 130 mingdan ortiq ishchi kuchini jalb qilmoqchi.

Bandlik vazirligi xabariga ko‘ra, vazir Behzod Musayev boshchiligidagi delegatsiya Germaniyada bo‘lib, 32 ta yirik ish beruvchilar bilan davra suhbati o‘tkazildi.

Unda vaqtincha xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni Yevropaning rivojlangan davlatiga ishga yuborish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalasi muhokama qilindi.

Germaniyada tashqi ishchi kuchiga ehtiyoj ortib borayotgani va mavjud talabdan kelib chiqib, bu davlatda ishlash istagidagi fuqarolarga nemis tilini o‘rgatish uchun shart-sharoitlar yaratish, kasb-hunarga o‘qitishning nemis modelini joriy etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish tashabbusi bildirildi. 

Avtohalokatlar

Toshkent tumanida to‘rtta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Toyota Prado mashinasining 31 yoshli haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan va qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan Cobalt, Damas va Spark avtomobillari bilan to‘qnashuv sodir etgan.

Oqibatda, Toyota Prado haydovchisi voqea joyida vafot etgan. Qolgan haydovchilar tuman markaziy shifoxonasiga olib borilib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi maktablardan birining 9-sinf o‘quvchisi traktor boshqarib, poyezd bilan to‘qnashgan. To‘qnashuv natijasida traktorni boshqarayotgan o‘quvchi halok bo‘lgan.

Jizzaxda katta tezlikda kelayotgan tez yordam mashinasi piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan 48 yoshli ayolni urib yuborgan. Voqea oqibatda ayol og‘ir tan jarohatlari olgan va Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax viloyati filialining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. 

Top