19:24 / 23.05.2024
15228

Vladimir Putin 26-27 may kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi

O‘zbekiston – RF rahbarining yangi muddatga saylanganidan so‘ng Xitoy va Belarusdan keyingi uchinchi xorijiy manzili bo‘ladi. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida bir nechta hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan.

Putinning O‘zbekistonga 2018 yil oktyabr oyidagi davlat tashrifi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 26-27 may kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda ma’lum qilgan Putinning yordamchisi Yuriy Ushakovga ko‘ra, tashrif davomida qator hujjatlarni imzolash ko‘zda tutilgan.

“Hozircha shuni ayta olamanki, bugun-ertaga Belarusga tashrif bo‘ladi, yakshanba-dushanbada esa – O‘zbekistonga”, – degan Ushakovning so‘zlarini keltirdi “Interfaks”.

Tashrif davomida qandaydir hujjatlar imzolanishi kutilyaptimi, degan savolga, prezident yordamchisi: “Ha, rejalashtirilyapti. Bir nechta hujjatlar” deya javob bergan.

O‘zbekiston – RF rahbarining yangi muddatga saylanganidan keyingi uchinchi xorijiy manzili bo‘ladi. Vladimir Putin 16-17 may kunlari Xitoyda bo‘lgan, 23-24 mayda esa Belarusda mehmon bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 21 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rossiyalik hamkasbi bilan telefon orqali muloqot qilgandi. Unda Putinning O‘zbekistonga kutilayotgan davlat tashrifi ham muhokama qilingan.

Top