14:49 / 12.06.2024
2946

May oyida uy-joy bozorida sotuvlar 9 foizga oshdi

O‘zbekistonda uy-joy ko‘chmas mulk bozori ketma-ket ikkinchi oy ijobiy dinamikani ko‘rsatmoqda. Aprel oyida sotuvlar 11 foizga, may oyida esa 9 foizga oshgan. Biroz sekinlashuvga qaramay, ijobiy tendensiya davom etishi ushbu segmentdagi iste’molchilar faolligi barqaror jonlanayotganidan dalolat beradi.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi o‘zining navbatdagi sharhida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida oy davomida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni tahlil qildi.

Umuman olganda, oyning oxirida ko‘chmas mulk bozorining tahlili qisqa muddatda ijobiy dinamikani ko‘rsatadi. May oyida 21,6 mingta uy-joy sotildi, bu o‘tgan oyga nisbatan 9 foizga yuqori.

O‘tgan yilning may oyiga nisbatan uy-joy bozoridagi faollik 15,2 foizga kamaydi. Ikki oylik o‘sishga qaramay, joriy faollik darajasi hali ham bir yil oldingi darajadan past bo‘lib qolmoqda, bu esa talabni cheklovchi doimiy omillarni ko‘rsatmoqda.

Hududiy ma’lumotlarga ko‘ra, uy-joy savdosining eng katta o‘sishi Samarqand viloyatida – qariyb 21 foizga, Andijon va Namangan viloyatlarida mos ravishda 19,3 va 15 foizga kuzatilgan.

May oyida uy-joy ijara bozori aprel oyidagi pasayishga nisbatan mo‘’tadillashdi. Aprel oyi bilan taqqoslaganda poytaxtning aksariyat tumanlarida sezilarli o‘sish qayd etilmadi, o‘sish atigi 1,2 foizni ko‘rsatdi. Toshkentda uy-joy ijara narxi bir kvadrat metri uchun 8,4 dollarni tashkil etdi.

Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi hamon yuqoriligicha qolmoqda, ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metri uchun o‘rtacha 10,5 dollarni ko‘rsatmoqda.

Boshqa tumanlarga nisbatan arzon uy-joy ijara narxlari Uchtepa, Sergeli va Bektemir tumanlarida saqlanib qolmoqda.

Shu bilan birga, o‘tgan yilning may oyiga nisbatan poytaxt ijara bozori 6,7 foizga qisqargan.

Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari may oyida 1,3 foizga, yillik hisobda esa 10,3 foizga oshdi, bu inflatsiya ko‘rsatkichlariga yaqinroq.

O‘tgan oyda mamlakatda ikkilamchi uy-joylar narxlari dinamikasi o‘rtacha o‘sish bilan tavsiflanadi. May oyida ikkilamchi bozorda o‘rtacha narxlar o‘tgan oyga nisbatan 1,3 foizga oshdi. Yillik ko‘rsatkichlarda narxlarning sezilarli darajada - 10,3 foizga o‘sishi kuzatilmoqda, bu esa iqtisodiyotdagi umumiy inflatsiya darajasiga yaqinlashmoqda.

Oylik dinamikaning bir oz yumshashiga qaramay, ikkilamchi uy-joy narxlarining uzoq muddatli o‘sish tendensiyasi davom etmoqda.

Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi qayd etilgan hududlar Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari bo‘lib, ularda narxlar o‘rtacha 18,7 foizga oshgan.

Joriy yilning may oyida poytaxtning ikkilamchi uy-joy bozorida narxlarning sezilarli darajada oshishi qayd etilgan hududlardagi vaziyatdan farqli o‘laroq, narxlar holati sezilarli o‘zgarishlarsiz saqlanib qoldi.

May oyida poytaxtda narxlar o‘sishi 1,1 foizni tashkil etdi, bu o‘tgan oyning ko‘rsatkichiga to‘g‘ri keladi. Yillik ko‘rsatkichda 2023 yil may oyiga nisbatan poytaxtda ikkilamchi uy-joy bozorida narxlarning o‘sishi 11,1 foizni tashkil etdi.

Poytaxtning markaziy tumanlari kontekstida ikkilamchi uy-joy bozoridagi narx dinamikasini tahlil qilish vaziyatning turlicha ekanligini ko‘rsatadi. May oyida narxlarning eng yuqori o‘sish sur’atlari Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Uchtepa tumanlarida qayd etildi. Narxlarning eng yuqori o‘sishini ko‘rsatgan ushbu uchta hudud uchun o‘rtacha hisobda ikkilamchi uy-joy narxining o‘sishi 1,5 foizni tashkil etdi.

Top