O‘zbekiston | 16:43 / 06.07.2024
6664
5 daqiqa o‘qiladi

Suv o‘lchaydigan ibtidoiy “innovatsiya” – “O‘zsuvta’minot” Navoiyda suvni isrof qilmoqda

Karmana tumani markazidagi ko‘p qavatli uy yoniga o‘rnatilgan suv minorasida suvni o‘lchash uchun o‘ziga xos “innovatsiya” qo‘llangan: minoraning tepa qismiga quvur o‘rnatilgan. Minora to‘lganida ushbu quvurdan suv oqib, isrof bo‘lib yotadi. Mahalliy aholiga ko‘ra, bu holat tez-tez takrorlanadi. O‘zbekistonni yaqin kelajakda suv tanqisligi kutayotgani prognoz qilinayotgan bir paytda “O‘zsuvta’minot”ning bu e’tiborsizligi tushunarsiz.

Foto: Kun.uz

Navoiy viloyatining Karmana tumanida bir yildan buyon ichimlik suv isrof bo‘lmoqda. Uni isrof qilayotgan esa begona emas – “O‘zsuvta’minot” AJ.

Ibtidoiy “inovatsiya”

Gap shundaki, tuman markazidagi bir nechta ko‘p qavatli uy yoniga katta suv minorasi o‘rnatilgan. Ushbu “bochka” har vaqtdan suvga to‘ldiriladi. Uning to‘lganini bilish uchun esa minora tepa kichik qismiga quvur o‘rnatilgan. Agar ushbu quvurdan suv oqib tushsa, demakki “bochka” to‘lganini anglatadi.

Ammo buni nazorat qilib turadigan odam gohida o‘z vaqtida minora suvga to‘lganini sezmaydi va suv soatlab pastga oqib, isrof bo‘lib yotadi. Hududda yashovchi aholining bildirishicha, bu holat tez-tez takrorlanadi.

Bir minutda qancha suv isrof bo‘ladi? Bu suv kamida 10 minutdan ortiq vaqt davomida oqib qolganda-chi? Mana, ichimlik suvga munosabat, bu suvga ketgan xarajat, xarajatni qoplash gardaniga tushgan iste’molchilar... “O‘zsuvta’minot” nima derkan deyishdan naf yo‘q, chunki masala ko‘p ko‘tarildi. Masalaga hukumat darajasida e’tibor qaratish kerak. Innovatsion tumanda innovatsiya qo‘llanmagan sohalardan biri bu”, deb yozdi ushbu ko‘p qavatli uyda yashovchi jurnalist Sanjar Qurbonov o‘z sahifasida.

Afrika qurg‘oqchiligi boshimizga tushmasin”

Ushbu hududda yashovchi viloyatning yana bir faoli Jonibek Shuhratov esa masala o‘tgan yili ko‘tarilganida yaqin kelajakda Afrika qurg‘oqchiligi O‘zbekiston bolalari boshiga ham tushishi mumkinligidan xavotir bildirgandi.

Uyimning derazasidan sal nariroqda suv minorasi bor. Har kuni suv minorasidan tonnalab ichimlik suvi toshadi. Suv minora ustidagi maxsus teshikdan toshib tushmaguncha o‘chirilmaydi. Bu teshik suv to‘lganini bildiruvchi belgi hisoblanadi, XXI asrdagi “innovatsion g‘oya”. Mabodo qorovul uxlab qolgan bo‘lsa, tamom, kerak bo‘lsa bitta mahallaga yetadigan suv isrof bo‘ladi. Viloyatda shu kabi minoradan qariyb 400 ta bor. Bitta igna teshigidan bir sutkada 7 litr suv oqishi mumkin ekan. 400 ta suv minorasi trubasidan-chi?

Ilgari qurg‘oqchilik desa Afrika bolalarini ko‘rsatar edik. Agar suvga nisbatan munosabatimiz “suvtekin” shaklida davom etsa, yaqin kelajakda Afrika qurg‘oqchiligi bizning bolalarimiz boshiga ham tushadi”, degandi u.

Xavotirli raqamlar

2050 yilga borib O‘zbekistonda suv tanqisligi 15-25 foizga yetishi mumkin Bu Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahlilida keltirilgan.

Unga ko‘ra, So‘nggi yillarda dunyo hamjamiyatini qurg‘oqchilik, suv tanqisligi, tuproq degradatsiyasi va cho‘llanish kabi muammolar tashvishga solmoqda. Iqlim o‘zgarishi oqibatida 2050 yilga borib, Tyan-Shan va Pomir tog‘ tizmalaridagi jami muzliklarning 30-50 foizgacha bo‘lgan qismi erib ketishi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida suvga bo‘lgan talab 50 foizgacha oshishi kutilmoqda. Buning oqibatida O‘zbekistonda suv tanqisligi o‘rtacha 15-25 foizga, cho‘llanish darajasi esa 123 mln kvadrat metrga yetishi mumkin. 

Pulini kim to‘laydi?

Kun.uz avvalroq ham ushbu masalani ko‘targandi. Ammo oradan qariyb 1 yil o‘tganiga qaramay “Navoiy suv ta’minoti” AJ rahbariyati ushbu masalaga e’tibor qaratmagani ma’lum bo‘ldi. Bu muddatda qancha suv oqib, isrof bo‘lganini esa taxmin qilish qiyin emas.

Navoiyda 1 kub metr suv uchun 3050 so‘m to‘lanadi. Muammoning yana bir jihati – isrof bo‘lgan shuncha suvning puli qaysi manbalardan qoplanishida.

Respublikada bu kabi minglab suv minoralari borligi hisobga olinsa va ularda ham shunday “innovatsiya” qo‘llangan bo‘lsa, “O‘zsuvta’minot” AJning yangi tayinlangan rahbari bunga jiddiy e’tibor qaratishi kerak bo‘ladi. Negaki, yaqin kelajakda 1 litr suvning qiymati qay darajaga yetishini bugun tasavvur qilish mumkin.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid